Prezident Şavkat Mirziyoyev lotin yozuviga asoslangan özbek alifbosini takomillaştirişni nazarda tutuvçi qonunni imzoladi.
Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva 21-oktyabr — Özbek tili bayrami kuni munosabati bilan davlat rahbari lotin yozuviga asoslangan özbek alifbosini takomillaştirişga oid qonun imzolanganini ma’lum qildi.
Avvalroq, Oliy Majlis Qonunçilik palatasi lotin yozuviga asoslangan özbek alifbosini takomillaştirişni nazarda tutuvçi qonun loyihasini qabul qilib, Senatga yuborgandi. Keyinçalik hujjat Senatning 19-yalpi majlisida ma’qullangan.
Qonun alifbodagi törtta harfning quyidagiça özgartirilişini nazarda tutadi:
— G‘ g‘→ Ğ ğ;
— O‘ o‘ → Ö ö;
— Sh sh → Ş ş;
— Ch ch→ Ç ç.
Saida Mirziyoyevaning ta’kidlaşiça, özgarişlar yozuvdagi noqulayliklarni bartaraf etiş va özbek tilining raqamli makondagi örnini mustahkamlaşga qaratilgan.
Şuningdek, u barça hujjatlarni yangidan rasmiylaştiriş talab etilmasligini bildirdi. Qonun kuçga kirguniga qadar amaldagi alifbo asosida rasmiylaştirilgan hujjatlar, milliy valyuta va qimmatli qoğozlar öz kuçida qoladi. Darsliklar, peşlavhalar va körsatkiçlar esa yaroqlilik muddati tugagaç, bosqiçma-bosqiç almaştiriladi.
Saida Mirziyoyeva qonunning 21-oktyabr kuni imzolanganida ramziy ma’no borligini ta’kidlab, yangilangan alifbo yoşlarning savodxonligini oşiriş va özbek tilining mavqeini yuksaltirişga xizmat qilişiga işonç bildirdi.
Nihoyat, uzoq yillik tarixiy xato tuzatildi. Bugun Prezidentimiz lotin yozuviga asoslangan özbek alifbosini takomillaştirişga oid qonunni imzoladilar.
Bu yillar davomida bahslarga sabab bölayotgan va oxiri körinmayotgan masala edi. 2023-yil 11-dekabrda jadidlar merosiga bağişlangan konferensiyadagi nutqimda alifboni tuzatiş taşabbusini ilgari surgan holda, mazkur bahslarga nuqta qöyiş vaqti kelganini aytgan edim.
Albatta, özgarişlar oson keçmaydi, kimlardadir e’tiroz yoki xavotir uyğotişi ham tabiiy. Lekin, işoning, yozuvimizdagi noqulayliklarga barham beriş va tilimizning raqamli makondagi örnini mustahkamlaş uçun boşqa yöl yöq edi.
Endi hamma hujjatlar yangidan qilinadimi? Yöq, aslo! Biz xarajatlarni eng minimal darajaga tuşiriş yölini tanladik: amaldagi barça hujjatlar, milliy valyuta va qimmatli qoğozlar öz kuçida qoladi, darslik, peşlavha va körsatkiçlar esa yaroqlilik muddati tugagaç, bosqiçma-bosqiç almaştiriladi.
Uşbu qonunning 21-oktyabr kuni qabul qilinişida çuqur ramziy ma’no bor. Tuzatilgan alifbomiz ma’rifatparvar ajdodlarimiz orzusi, yoşlarimiz savodxonligi va tilimiz mavqeini yuksaltirişga xizmat qilişiga işonaman.
Barçangizni Özbek tili bayrami kuni bilan tabriklayman!, — deydi u.
Eslatib ötamiz, özbek tilidagi matnlarni yangi alifboga özgartiriş uçun bepul https://t.me/YozuvBot dan foydalanişingiz mumkin.
Avvalroq, Özbekistondagi barça maktab darsliklari 2031-yilgaça yangi alifboga ötkazilişi haqida xabar berilgandi.
