O‘zbek alifbosida qanday o‘zgarishlar bo‘ladi? Qonunchilik palatasi qonun loyihasini ma’qulladi

O‘zbek alifbosida qanday o‘zgarishlar bo‘ladi? Qonunchilik palatasi qonun loyihasini ma’qulladi

Qonunchilik palatasi lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini takomillashtirishni nazarda tutuvchi qonun loyihasini qabul qildi. Loyiha 26 ta harf va 3 ta harflar birikmasi o‘rniga 28 ta harf hamda 1 ta tutuq belgisini joriy etishni nazarda tutadi. Hujjat endilikda Senat ko‘rib chiqishiga yuborildi.

 

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi 7-iyul kuni bo‘lib o‘tgan yalpi majlisda “Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini joriy etish to‘g‘risida”gi qonunga o‘zgartirish kiritish haqidagi qonun loyihasini qabul qildi.

 

Loyihaga ko‘ra, amaldagi lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosi tarkibini qayta ko‘rib chiqish taklif etilmoqda. Jumladan, 26 ta harf va 3 ta harflar birikmasidan iborat alifbo o‘rniga 28 ta harf hamda 1 ta tutuq belgisidan iborat yangi tarkibni joriy etish, shuningdek ayrim harflarning qo‘llanilishiga aniqlik kiritish rejalashtirilgan.

 

Hozircha Qonunchilik palatasi tomonidan e’lon qilingan rasmiy axborotda qaysi harflar o‘zgartirilishi yoki qanday yangi yozuv qoidalari joriy etilishi haqida batafsil ma’lumot berilmagan. Yalpi majlis esa palataning rasmiy veb-sayti orqali jonli efirda namoyish etildi.

 

Qonun loyihasida alifbodagi o‘zgarishlarni bosqichma-bosqich amalga oshirish nazarda tutilgan. Shu bois qonun kuchga kirguniga qadar rasmiylashtirilgan hujjatlar, milliy valyuta, qimmatli qog‘ozlar va boshqa amaldagi hujjatlar o‘z kuchini saqlab qoladi.

 

Bundan tashqari, davlat organlari va tashkilotlarining peshlavhalari, ramzlari, ko‘rsatkichlari hamda boshqa atributlari ham belgilangan muddatgacha almashtirilmaydi.

 

Qonun tashabbuskorlarining ta’kidlashicha, bunday yondashuv barcha hujjatlar, blankalar, peshlavhalar va boshqa moddiy vositalarni birdaniga yangilash zaruratini bartaraf etadi. Natijada davlat budjetidan ortiqcha mablag‘ sarflanishining oldi olinadi hamda alifboga oid o‘zgarishlar davlat organlari uchun bosqichma-bosqich va moliyaviy jihatdan maqbul tarzda amalga oshiriladi.

 

Qonunchilik palatasi deputatlari qonun loyihasini ma’qullagan. Endilikda hujjat ko‘rib chiqish uchun Senatga yuborildi.