Surxondaryoda hamkasbiga shahvoniy shilqimlik qilgan o‘qituvchi 5 sutkaga qamaldi

Surxondaryoda hamkasbiga shahvoniy shilqimlik qilgan o‘qituvchi 5 sutkaga qamaldi

Surxondaryoda o‘qituvchi ayol hamkasbiga boshqa pedagoglar oldida shahvoniy mazmundagi gaplarni aytgan. Ayolning shikoyatidan so‘ng sud erkakka 5 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinladi.

 

Surxondaryo viloyati Muzrabot tumanida ayol hamkasbiga shahvoniy mazmundagi gaplarni aytgan 59 yoshli maktab o‘qituvchisi 5 sutkaga ma’muriy qamoqqa olindi.

 

“Daryo” tanishgan sud hujjatlariga ko‘ra, voqea 2026-yil 3-oktyabr kuni soat 15:00 lar atrofida tuman maktablaridan birida sodir bo‘lgan. O‘qituvchi U.K. hamkasbining yoniga kelib, boshqa pedagoglar oldida unga: “Ko‘ylaging buncha chiroyli, quchoqlab o‘pib olaman”, degan.

 

Ayol sud majlisida bu gaplardan hamkasblari oldida qattiq hijolat bo‘lganini bildirgan. Uning aytishicha, erkak o‘qituvchi bundan oldin ham unga shahvoniy mazmundagi gaplarni aytib kelgan, biroq u bu holatlar yuzasidan hech qayerga shikoyat qilmagan.

 

Ayolning so‘zlariga ko‘ra, voqeadan keyin hamkasblari unga tegishli idoralarga murojaat qilishni maslahat bergan. U uyiga borib, bo‘lgan voqeani onasiga aytgan va yig‘lagani sababli sog‘lig‘i yomonlashganini bildirgan.

 

Erkak esa sudda aybiga iqror bo‘lib, hamkasbiga aytgan gaplarini hazil tariqasida aytganini ta’kidlagan.

 

Sud qarori bilan U.K. Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 41-1-moddasi 1-qismi (shahvoniy shilqimlik qilish) bo‘yicha aybdor deb topilgan. Unga 5 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlangan.

 

Avvalroq, Surxondaryoda hamkasbiga telegram orqali nomaqbul xabarlar yuborgan o‘qituvchi 5 sutkaga qamalgani haqida xabar berilgandi.