Prezident Shavkat Mirziyoyev elektrotexnika sanoati vakillari, tadbirkor va investorlar bilan muloqotda texnika oliygohlaridan Koreyadagi elektronika korxonalarida taʼlim olayotgan talabalar va tadqiqotchilar soni 20 nafardan 100 nafarga yetkazilishini maʼlum qildi.
Bugun, 9-noyabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev elektrotexnika sanoati vakillari, sohada faoliyat yuritayotgan tadbirkor va investorlar bilan muloqot oʻtkazmoqda.
Muloqot davomida davlatimiz rahbari “NURA Electric” korxonasida muhandislik ishlanmalari va dual taʼlimga katta eʼtibor qaratilayotganini qayd etdi.
Korxonada 100 nafarga yaqin muhandis-konstruktor va texnolog oʻz ishlanmalarini amaliyotga joriy etmoqda. Yana 50 nafar talaba dual taʼlim asosida ishlab, ham maosh olmoqda, ham amaliy tajriba toʻplamoqda.
Yuqori qoʻshilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarish va texnologik rivojlanishda zamonaviy muhandislar, konstruktorlar hamda ilmiy ishlanmalar hal qiluvchi ahamiyatga ega ekani taʼkidlandi.
Hozirda texnika oliygohlarining 20 nafar talabasi va tadqiqotchisi Koreyadagi elektronika korxonalarida taʼlim olmoqda. Ularning soni yaqinda 100 nafarga yetkaziladi.
Shuningdek, Prezident kelgusi yildan “1 ming muhandis-konstruktor” dasturi boshlanishini eʼlon qildi. Dastur doirasida mahalliy mutaxassislar malaka oshirish uchun Koreya, Yaponiya, Xitoy, Turkiya va Yevropa mamlakatlariga yuboriladi.
Nufuzli xorijiy kompaniyalarda ishlayotgan yuqori malakali vatandoshlarni yurtimizga jalb qilish uchun ularga munosib ish haqi va mehnat sharoitlari yaratiladi.
Bundan tashqari, “Yangi Oʻzbekiston”, Inha, “ToshTech” va Turin politexnika universitetlariga yetakchi xorijiy universitetlar bilan qoʻshma taʼlim dasturlarini tashkil etish, mutaxassislarni jalb qilish hamda zamonaviy muhandis-texnologlar tayyorlashni kengaytirish topshirildi.
Bu orqali mamlakat sanoatining texnologik taraqqiyotiga xizmat qiladigan yuqori malakali muhandislar korpusini shakllantirish maqsad qilingan.
