Umumta’lim muassasalarida o‘quvchilarni sportga jalb etish uchun kamida bittadan sport to‘garagi tashkil etiladi. Shuningdek, 2027-yildan maktablarga sport bilan shug‘ullanish uchun universal qoplamalar yetkazib beriladi va bu maqsadlar uchun har yili 5 milliard so‘mgacha mablag‘ yo‘naltiriladi.
Prezidentning 2026-yil 16-noyabrdagi 396-sonli “Sport sohasini raqamlashtirish va samarali boshqaruv tizimini yo‘lga qo‘yish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
Qarorga ko‘ra, umumta’lim muassasalari qoshida sport klublari va to‘garaklari tarmog‘ini kengaytirish, shuningdek, jismoniy tarbiya fani o‘qituvchilari faoliyatini rivojlantirish belgilangan.
Sport maktablarini biriktirgan holda umumta’lim muassasalarida “Maktabdan Sport akademiyasigacha” g‘oyasi asosida yakka kurash va jamoaviy olimpiya sport turlari bo‘yicha kamida bittadan sport to‘garagi yo‘lga qo‘yiladi.
2027-yildan boshlab yakka kurash olimpiya sport turlari bilan shug‘ullanish uchun maktablarda zarur sharoitlar yaratiladi. Jumladan, umumta’lim muassasalariga ushbu sport turlarida foydalanish mumkin bo‘lgan universal qoplamalar yetkazib berish tizimi yo‘lga qo‘yiladi.
Mazkur maqsadlar uchun Ta’lim sohasidagi islohotlarga ko‘maklashish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan har yili 5 milliard so‘mgacha mablag‘ yo‘naltiriladi.
Shuningdek, jismoniy tarbiya fani o‘qituvchilarining amaldagi yillik ish rejasi bo‘yicha o‘quv-tarbiya jarayoni dars mashg‘ulotlaridan tashqari sport to‘garaklari, ommaviy sport tadbirlarini tashkil etish bilan bog‘liq mashgulotlar bilan takomillashtiriladi.
Bundan tashqari, 2027-yil 1-yanvardan “ERP sport” tizimi orqali sport musobaqalari g‘olib va sovrindorlariga QR-kod qo‘yilgan diplom hamda sertifikatlarni elektron shaklda berish tartibi joriy etiladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq o‘quvchilar, talabalar va ayollar uchun velosport musobaqalari yo‘lga qo‘yilishi haqida xabar bergan edik.
