O‘quvchilar, talabalar va ayollar uchun velosport musobaqalari yo‘lga qo‘yiladi

O‘quvchilar, talabalar va ayollar uchun velosport musobaqalari yo‘lga qo‘yiladi

O‘zbekistonda 2030-yilga qadar velosport bilan ommaviy shug‘ullanuvchilar sonini 30 ming nafarga yetkazish rejalashtirilmoqda. Shu maqsadda talabalar, maktab o‘quvchilari, ayollar va nogironligi bo‘lgan shaxslar o‘rtasida turli musobaqalar tashkil etiladi.

Prezidentning 2026-yil 11-noyabrdagi “Velosiped sport turlarini yanada ommalashtirish va rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ–394-son qarori qabul qilindi.

Qarorga muvofiq, 2030-yilga qadar velosportni rivojlantirish bo‘yicha bir qator maqsadlar belgilangan. Jumladan, mamlakatda velosport bilan ommaviy shug‘ullanuvchilar sonini 30 ming nafarga yetkazish, Osiyo miqyosidagi musobaqalarda milliy terma jamoaning eng kuchli 3 talikka kirishini ta’minlash hamda Olimpiya o‘yinlariga velosport bo‘yicha litsenziyalar sonini oshirish va medallar uchun kurashish ko‘zda tutilgan.

Shuningdek, 2027-yil mart oyidan boshlab velosportni ommalashtirishga qaratilgan musobaqa va tadbirlar an’anaviy tarzda o‘tkazib boriladi.

Xususan, oliy ta’lim tashkilotlari talabalari o‘rtasida “Talabalar kubogi”, zarur infratuzilmaga ega umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining yuqori sinf o‘quvchilari o‘rtasida “Direktor kubogi” velosport musobaqalari tashkil etiladi.

Bundan tashqari, nogironligi bo‘lgan shaxslar o‘rtasida “Sening imkoniyating” paravelosport musobaqasi, vazirlik va idoralar xodimlari o‘rtasida “Yangi O‘zbekiston” velosport musobaqasi o‘tkaziladi.

Tadbirlar doirasida 8-mart — Xotin-qizlar kuni munosabati bilan ayollar o‘rtasida “Bahor malikalari” velomarafoni, 22-sentyabr — “Avtomobilsiz kun” aksiyasi doirasida esa aholi o‘rtasida “Salomatlik sari yo‘l” velomarafoni tashkil etiladi.

Velosport maktab-internati va o‘quvchilar uchun yangi imkoniyatlar

Qarorga ko‘ra, Respublika velosport mahorat maktab-internati faoliyati iqtidorli sportchilarni tayyorlash va ularni terma jamoalarga yetkazib berishga yo‘naltiriladi.

2027/2028-o‘quv yilidan boshlab maktab-internatda paravelosport yo‘nalishida tahsil oluvchi o‘quvchilar ulushi umumiy kontingentning 20 foiziga yetkaziladi. Muassasaning umumiy kontingenti esa 6–11-sinflarda tahsil oluvchi 100 nafar o‘quvchi-sportchi miqdorida saqlab qolinadi.

Shuningdek, “Yangi O‘zbekiston Olimpiya cho‘qqilari” musobaqalari doirasida velosport bo‘yicha ham bellashuvlar o‘tkazib boriladi.

2027/2028-o‘quv yiliga qadar Respublika velosport mahorat maktab-internati O‘zbekiston velosiped sporti federatsiyasi bilan hamkorlikda umumta’lim maktablari o‘quvchilari uchun videomahsulotlar yaratadi.

Bundan tashqari, Toshkent shahrida 2027-yil mart oyidan boshlab “Toshkent tajribasi” joriy etiladi. Unga ko‘ra, mahalliy budjet mablag‘lari hisobidan zarur infratuzilmaga ega umumta’lim maktablari 2027–2028-yillarda bosqichma-bosqich velosipedlar bilan ta’minlanadi va trenerlar bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yiladi.