O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetida dissertatsiya ishlarini ilmiy seminardan o‘tkazish evaziga tadqiqotchilardan pora va sovg‘alar talab qilinayotgani haqida xabarlar tarqaldi. Universitet ushbu ayblovlarni asossiz deb atadi.
Universitet matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, dissertatsiya ishlarini ilmiy seminar muhokamasiga kiritish va ko‘rib chiqish jarayonlari Oliy attestatsiya komissiyasi talablari asosida amalga oshiriladi.
Qayd etilishicha, har bir tadqiqot ishi dastlab kafedra muhokamasidan o‘tadi. Ijobiy xulosa olgan ishlar ilmiy seminar muhokamasiga kiritiladi. Yakuniy qaror esa seminar a’zolarining ochiq ovoz berishi orqali qabul qilinadi.
Universitet ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yil boshidan buyon 34 nafar tadqiqotchining dissertatsiya ishi ilmiy seminar muhokamasidan o‘tkazilgan. Joriy yilning sentabr–noyabr oylarida 5 ta ish aniqlangan ilmiy va texnik kamchiliklarni bartaraf etish uchun qayta ishlashga qaytarilgan.
Shuningdek, universitetda ilmiy seminar ishtirokchilari uchun dasturxon yozish, issiq ovqat tashkil etish va sovg‘alar taqdim qilish rektorning 2023-yil 16-avgustdagi 106-sonli buyrug‘i bilan taqiqlangan.
Universitet pora yoki sovg‘a talab qilingani haqidagi da’volarni tasdiqlovchi dalillar taqdim etilmaganini bildirdi. Bunday holatlarga oid aniq ma’lumot va dalillar mavjud bo‘lsa, ularni universitet rahbariyatiga taqdim etish so‘raldi.
O‘zJOKU har qanday korrupsiyaviy holatga nisbatan murosasiz munosabatda ekanini va kelib tushgan murojaatlar belgilangan tartibda xolisona o‘rganilishini ma’lum qildi.
Avvalroq, jurnalistika universiteti rektori Sherzodxon Qudratxo‘ja xususiy bog‘chalar nomini o‘zbekchalashtirish haqida gapirgan edi.
