Bu yil mamlakatda 5,5 mingta dissertatsiya himoya qilingani ilmiy daraja uchun “poyga” borligini ko‘rsatadi. Bu haqda Oliy Majlis Senatining Fan, ta’lim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Oral Ataniyazova Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida bo‘lib o‘tgan Erasmus+ ekspertlarining “Oliy ta’limni rivojlantirish istiqbollari” xalqaro konferensiyasida so‘zladi. Bu haqida anjumanda ishtirok etgan Talimxabarlari.uz muxbiri xabar bermoqda.
Muammo faqat bizda emas
Senator so‘zining boshida ilmiy tadqiqotlar sohasidagi muammolar faqat O‘zbekistonga xos emasligini, bu global tendensiya ekanini ta’kidladi.
“Bugun nafaqat O‘zbekistonda, nafaqat Markaziy Osiyoda, balki butun dunyoda ilmiy tadqiqotlar inqirozi kuzatilmoqda. Uning asosiy ko‘rinishlari — sifatni son bilan almashtirish. Olimlarni tadqiqotning ahamiyatiga qarab emas, raqamlarga qarab baholashyapti.
Sifatsiz maqola va dissertatsiyalar soni ortib bormoqda. Har qanday maqolani hech qanday tekshiruvsiz pulga chop etadigan “yirtqich” jurnallar ko‘payib ketdi. Ma’lumotlarni soxtalashtirish, plagiat holatlari ham bor”, — dedi Oral Ataniyazova.
“Men bir nechta ilmiy kengash a’zosiman. Tayyorlangan ilmiy ishlarni ko‘rganimizda plagiat, tadqiqotning ishonchliligi va dissertatsiyalar darajasi bilan bog‘liq masalalar, albatta, ko‘p narsani orzu qilishga majbur qiladi”, — deydi senator.
“Tayyor taqrizni faqat imzolash qoladi”
Oral Ataniyazova taqriz tizimidagi kamchiliklarni alohida og‘riqli masala sifatida tilga oldi. Senatorning so‘zlariga ko‘ra, ayrim hollarda taqrizlar ishni chuqur o‘rganmasdan, rasmiyatchilik uchun beriladi. U fikrini OAKning ochiq ma’lumotlari bilan asosladi.
“Taqriz tizimining takomillashmagani ham katta muammo. Tayyor taqrizlar beriladi, faqat imzolash qoladi. Unda nima yozilgani, qanday yozilgani esa qiziqtirmaydi. Tayyor maqola va dissertatsiyalar sotilishi masalasi ham bor.
OAK ma’lumotlari yashirin emas, ochiq: joriy yilning o‘zida mamlakatimizda 5,5 mingta dissertatsiya himoya qilindi. Bu, albatta, ilmiy daraja uchun poyga — kerak joyda ham, kerak bo‘lmagan joyda ham”, — deydi Oral Ataniyazova.
Raqamlar nima deydi?
100 dan ortig‘ida himoyani cheklovsiz ko‘rish imkoni bo‘lmagan.
“Olim jamoada shakllanishi kerak”
Senator chiqish davomida haqiqiy olim qanday sharoitda yetishishi kerakligi haqida ham to‘xtaldi. Uning fikricha, ilmiy daraja yakka tartibda emas, har bir natija jamoa oldida himoya qilinadigan muhitda olinishi kerak.
“Menimcha, olimlar ilmiy muhitda, ma’lumotlar muhokama qilinadigan, hammasi jamoada tasdiqlanadigan sharoitda shakllanishi kerak. Men 15 yildan ortiq Rossiyada ilmiy stajirovka o‘taganman, nomzodlik va doktorlik dissertatsiyalarimni Moskvada himoya qilganman. O‘shanda har bir maqolani 200 kishi oldida muhokama qilardik. Savol berishardi, har bir ma’lumot so‘ralardi va isbotlanardi. Ilm-fan — bu haqiqat, bu ilmiy yangilik, yangi narsani kashf etish. Ba’zan tibbiyotdagi birgina noyob operatsiya ham ilmiy ishga asos bo‘lishi mumkin. Minglab holatlar ortidan quvishning hojati yo‘q”, — dedi u.
Senat olimlardan taklif kutmoqda
Oral Ataniyazova parlamentning ilm-fan sohasidagi vakolatlariga ham to‘xtaldi. Senat qonunchilik asoslarini yaratadi, ilmiy tadqiqotlar uchun byudjetni tasdiqlaydi va qabul qilingan hujjatlar ijrosini nazorat qiladi. Shu bois senator olimlarni byudjet muhokamasida faol bo‘lishga chaqirdi.
“Ilm-fandagi “o‘yin qoidalari”ni parlament belgilaydi. Senat me’yorlarni o‘rnatadi, ilmiy tadqiqotlar uchun byudjetni tasdiqlaydi va qabul qilingan hujjatlar ijrosi ustidan parlament nazoratini olib boradi. Davlat byudjetini tasdiqlayotganimizda Fanlar akademiyasi va ilmiy markazlardan sizga qanday maqsadli tadqiqotlar, kutubxonalar, akademik mobillik uchun mablag‘ yetishmayotgani haqida fikr-mulohazalarni ko‘rishni istardik. Iltimos, faol bo‘ling”, — dedi senator.
Belarus jurnallari va Germaniya vizasi
Oral Ataniyazova Senatning xalqaro parlamentlararo aloqalari olimlar uchun qanday amaliy imkoniyatlar ochishini ham misollar bilan ko‘rsatdi. Senat Belarus, Rossiya, Vyetnam va Germaniyaning tegishli qo‘mitalari bilan parlamentlararo shartnomalarga ega.
“Yaqinda O‘zbekiston Senatining Fan va ta’lim qo‘mitasi Belarus parlamentining Fan va ta’lim qo‘mitasi bilan shartnoma tuzdi. Belarus 16 ta ilmiy jurnal chiqaradi, ulardan 12 tasi xalqaro ilmiy bazaga kiritilgan. Maqola chop etish narxi 30–50 dollar. Butun ro‘yxat bizga topshirilgan, iltimos, yozing. Belarus hamkorlarimiz bu jurnallarni O‘zbekiston OAK ham tan olishini istaydi”, — dedi senator.
U Germaniya bilan bo‘lgan uchrashuvda olimlarning viza muammosi ko‘tarilganini ham aytdi.
“Yaqinda Germaniya bilan uchrashuv bo‘ldi. Olimlarimiz konferensiyalarga borishda viza tartibida katta muammolarga duch kelishini darhol ko‘tardim. Bu tartib juda murakkab. Germaniya elchixonasi bizga ‘xat yozing, vizani yengillashtiramiz’ dedi. Iltimos, Senat orqali ishlang, bizga yozing. Biz doim hamkorlikka tayyormiz”, — dedi Oral Ataniyazova.
Senator O‘zbekistonda hali ochilmagan ilmiy mavzular va salohiyat ko‘pligini ta’kidladi.
“O‘zbekistonda ochilmagan mavzular, ochilmagan salohiyat juda ko‘p. Chunki doim qandaydir Yevropa standartlari tan olinib kelingan. Holbuki, bizda o‘zimizning an’anaviy, juda chuqur va yuksak darajadagi ilmiy maktablarimiz bor. Biz doim sizni qo‘llab-quvvatlashga tayyormiz”, — dedi u.
