Oʻzbekistonda ilmiy darajaga ega mutaxassis-tadqiqotchilar soni oʻsishda davom etmoqda. Soʻnggi bir yil ichida PhD darajasiga ega olimlar soni qariyb 10 foizga, DSc darajasiga ega mutaxassislar soni esa 60 foizga oshdi.
Milliy statistika qoʻmitasi Oʻzbekistonda ilmiy kadrlar tayyorlash va ilm-fan sohasiga oid 2025-yil yakunlari boʻyicha asosiy koʻrsatkichlarni eʼlon qildi.
2026-yil 1-yanvar holatida mamlakatda 15,5 ming nafar falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasiga ega mutaxassis-tadqiqotchilar faoliyat yuritmoqda. Ushbu koʻrsatkich tarkibiga xorijiy davlatlarda fan nomzodi yoki unga tenglashtirilgan boshqa ilmiy darajani olgan mutaxassislar ham kiritilgan.
Bir yil davomida PhD darajasiga ega tadqiqotchilar soni 1,4 ming nafarga yoki 9,9 foizga oshgan.
Shu bilan birga, fan doktori (DSc) ilmiy darajasiga ega mutaxassis-tadqiqotchilar soni 4,8 ming nafarga yetgan. Bu oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 1,8 ming nafarga yoki 60 foizga koʻpdir.
Hisobotda ilmiy-tadqiqot va tajriba-konstruktorlik ishlari (ITTKI) boʻyicha ham ijobiy oʻsish qayd etilgan. 2025-yil yakuniga koʻra, ilmiy tadqiqotlar bilan shugʻullangan mutaxassis-tadqiqotchilar soni 43,1 ming nafarga yetib, bir yil ichida 28,3 foizga oshgan. Shundan 17,4 ming nafari ayollar, 25,7 ming nafari erkaklar hissasiga toʻgʻri keladi.
2025-yilda ilmiy-tadqiqot va tajriba-konstruktorlik ishlari uchun 1 trillion 680,6 milliard soʻm mablagʻ sarflangan. Bu 2024-yilga nisbatan 106,5 milliard soʻm yoki 6,8 foizga koʻpdir. Xarajatlarning asosiy qismi davlat sektori hissasiga toʻgʻri kelgan boʻlsa, tadbirkorlik va oliy taʼlim sektorlari ulushi ham oshgan.
Hududlar kesimida ilmiy salohiyat boʻyicha Toshkent shahri yetakchilik qilmoqda. Poytaxtda 13,5 ming nafardan ortiq mutaxassis-tadqiqotchi faoliyat yuritayotgan boʻlib, ilmiy tadqiqotlarga yoʻnaltirilgan mablagʻlar hajmi 1,2 trillion soʻmdan oshgan. Keyingi oʻrinlarda Samarqand, Buxoro va Fargʻona viloyatlari qayd etilgan.
Shuningdek, doktorantura tizimida ham oʻsish kuzatilmoqda. 2025-yilda tayanch doktoranturaga 4 159 nafar, doktoranturaga esa 604 nafar izlanuvchi qabul qilingan. Yil yakunida tayanch doktorantlar soni 8 326 nafar, doktorantlar soni esa 1 309 nafarga yetgan.
Milliy statistika qoʻmitasi maʼlumotlari mamlakatda ilmiy kadrlar soni, doktorantura tizimi va ilmiy tadqiqotlarga yoʻnaltirilayotgan mablagʻlar izchil oshib borayotganini koʻrsatmoqda. Bu esa ilm-fan sohasining rivojlanishi hamda ilmiy salohiyatni mustahkamlashga qaratilgan islohotlar natijasini aks ettiradi.
Avvalroq, PhD va DSc bo‘yicha mustaqil izlanuvchilikka qabul boshlangani haqida xabar bergan edik.


