Bilim va malakalarni baholash agentligi xodimlariga ustama berish va ragʻbatlantirish tartibi belgilandi

Bilim va malakalarni baholash agentligi xodimlariga ustama berish va ragʻbatlantirish tartibi belgilandi

Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 17-sentabrdagi 498-sonli qarori bilan Bilim va malakalarni baholash agentligi toʻgʻrisidagi nizom tasdiqlandi.

 

Nizomda agentlik xodimlarining lavozim maoshiga oylik ustamalar, mukofotlar, ragʻbatlantirishlar va moddiy yordam berish, ularni ijtimoiy muhofaza qilish bilan bogʻliq toʻlovlar tartibi ham belgilandi.

 

Unga koʻra, 2026-yil 1-oktyabrdan boshlab Agentlik xodimlariga Davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan koʻp yillik xizmati uchun ragʻbatlantirish koeffitsiyentini hisobga olgan holda, lavozim maoshiga belgilangan koeffitsiyentlarda quyidagi hajmda har oyda ustamalar toʻlanadi:

1-yildan 3-yilgacha – 0,3;

3-yildan 5-yilgacha – 0,6;

5-yildan 10-yilgacha – 0,8;

10-yildan 15-yilgacha – 1,0;

15-yildan 20-yilgacha – 1,2;

20-yildan yuqori – 1,5;

Agentlikning byudjetdan tashqari mablagʻlari hisobidan quyidagilar nazarda tutilgan:

– xodimlar faoliyatining samaradorligi va natijadorligini baholash yakunlariga koʻra, xodimga lavozim maoshining (ragʻbatlantiruvchi koeffitsiyentni hisobga olgan holda) 200 foizigacha miqdorda ustama. Bunda samaradorlik va natijadorlik koʻrsatkichi 90 balldan yuqori boʻlgan xodimlarga Jamgʻarmani boshqarish kengashi qaroriga muvofiq har oylik qoʻshimcha ustama miqdori belgilanadi;

 

– xodimning ilmiy darajaga ega boʻlgani uchun oylik ustamalar fan nomzodi yoki tegishli fan yoʻnalishlari boʻyicha falsafa doktori (PhD) – lavozim maoshiga nisbatan 5 foiz, fan doktori (DSc) – lavozim maoshiga nisbatan 10 foiz miqdorida ustama.

 

2026-yil 1-oktyabrga qadar Agentlik xodimlariga koʻp yillik xizmati uchun lavozim maoshiga belgilangan koeffitsiyentlarda quyidagi hajmda har oyda ustamalar toʻlanadi:

2-yildan 5-yilgacha – 0,1;

5-yildan 10-yilgacha – 0,2;

10-yildan 15-yilgacha – 0,3;

15-yildan yuqori – 0,35.

 

Shuningdek, agentlik xodimlarini choraklik yakuni boʻyicha xodimning oylik ish haqining bir baravaridan oshmagan miqdorda mukofotlash belgilangan. Bunda choraklik yakuni boʻyicha toʻlovlar miqdori xodimlarning ish koʻrsatkichlarining samaradorligiga qarab Agentlik direktori tomonidan belgilanadi.