“Yil o‘qituvchisi” tanlovida tuman va shahar bosqichlarida birinchi o‘rinni egallagan 208 nafar g‘olibga 616 million so‘mdan pul mukofoti beriladi. Ushbu mablag‘lardan jismoniy shaxslar daromad solig‘i undirilmaydi.
Xabaringiz bor, kecha Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan “Yil o‘qituvchisi” tanlovining g‘oliblar ro‘yxati e’lon qilindi. Tanlovda 46 ming nafardan ortiq o‘qituvchi ishtirok etgan. Yakuniy natijalarga ko‘ra, 208 nafar pedagog g‘olib deb topilgan.
Mazkur tanlov Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 28-apreldagi 264-son qaroriga muvofiq 2026-yildan boshlab har ikki yilda bir marta o‘tkazilishi belgilangan. U pedagoglarning kasbiy mahorati, bilim saviyasi va ma’naviy salohiyatini aniqlashga qaratilgan bo‘lib, uch bosqichda tashkil etiladi.
Tanlovda tuman va shaharlar bo‘yicha birinchi o‘rinni egallagan 208 nafar g‘olibning har biriga Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan 616 million so‘m, ya’ni bazaviy hisoblash miqdorining 1 400 baravari miqdorida pul mukofoti beriladi.
Mukofotdan 12 foiz daromad solig‘i ushlanmaydi
Xalqtaliminfo.uz’ning yozishicha, amaldagi tartibga asosan ayrim tanlov va musobaqalarda g‘oliblarga beriladigan pul mukofotlari jismoniy shaxsning daromadi sifatida e’tirof etilib, ulardan daromad solig‘i undirilishi mumkin.
Biroq “Yil o‘qituvchisi” tanlovi g‘oliblariga beriladigan mukofot pullariga nisbatan bunday tartib qo‘llanmaydi. Shu sababli har bir g‘olibga belgilangan 616 million so‘m to‘liq miqdorda beriladi.
Agar ushbu summadan 12 foiz daromad solig‘i undirilganida, 73 million 920 ming so‘m soliq sifatida ushlab qolinib, g‘olibga 542 million 80 ming so‘m qolgan bo‘lardi.
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi ushbu masala yuzasidan Soliq qo‘mitasiga murojaat qilgan va tegishli xulosalar olingan.
Soliq kodeksining 369-moddasi birinchi qismi 1-bandiga ko‘ra, Prezident yoki Vazirlar Mahkamasi qarori asosida bir yo‘la beriladigan pul mukofotlari, sovg‘alar va budjet subsidiyalari jismoniy shaxslarning jami daromadi tarkibiga kiritilmaydi.
Shuningdek, mazkur moddaning 16-bandida Prezident yoki Vazirlar Mahkamasi qarorlari bilan belgilanadigan dasturlarda ishtirok etish natijasida olingan bonus va pul mukofotlari ham jismoniy shaxslarning jami daromadi tarkibiga kiritilmasligi belgilangan.
Shundan kelib chiqib, “Yil o‘qituvchisi” tanlovi doirasida g‘oliblarga beriladigan 616 million so‘mlik mukofot pullaridan daromad solig‘i undirilmaydi. Ushbu mablag‘lar ijtimoiy soliqning soliq solish obyekti ham hisoblanmaydi.
