Oliy ta’lim muassasalarida 2026/2027-o‘quv yili uchun kontrakt to‘lovlarini amalga oshirish muddati 15-oktyabrgacha uzaytirildi. Belgilangan muddatgacha ayrim toifadagi talabalar kontraktning tegishli qismini to‘lab, talabalikka qabul qilish jarayonini rasmiylashtirishlari mumkin.
Kontrakt toʻlovlarini amalga oshirish muddati uzaytirildi. Bu haqda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, 2026/2027 oʻquv yili uchun oliy taʼlim tashkilotlarida kontrakt toʻlovlarini amalga oshirish va talabalar safiga qabul qilishni rasmiylashtirish muddati 15-oktyabrga qadar (shu kuni ham) uzaytirildi.
Bu muddat:
- bakalavriat va magistraturaga oʻqishga tavsiya etilgan abituriyentlar;
- oʻqishi koʻchirilgan yoki koʻchirib tiklangan talabalar;
- oʻqishga qayta tiklangan talabalarga taalluqli.
15-oktyabrga qadar bazaviy toʻlov-kontrakt boʻyicha yillik qiymatning kamida 25 foizi, tabaqalashtirilgan toʻlov-kontrakt boʻyicha esa kamida 50 foizi toʻlanishi lozim.
Avvalroq pedagoglarning farzandlari uchun kontrakt toʻloviga 30 foiz chegirma berilishi ma’lum qilingan edi.
