2026-yil IV chorak uchun mustaqil izlanuvchilik (PhD va DSc) bo‘yicha hujjatlar qabuli boshlandi. Arizalar 15-avgust kuni soat 23:59 ga qadar qabul qilinadi.
2026-yil IV chorak uchun falsafa doktori (PhD) va fan doktori (DSc) ilmiy darajalarini olish maqsadida mustaqil izlanuvchilikka hujjatlar qabuli boshlandi.
PhD mustaqil izlanuvchiligiga hujjat topshirish uchun nomzod magistr diplomiga ega bo‘lishi, kamida bitta ilmiy maqola va tegishli yo‘nalish bo‘yicha kamida ikkita tezisga ega bo‘lishi hamda suhbatdan o‘tishi lozim.
DSc mustaqil izlanuvchiligiga hujjat topshiruvchilardan esa PhD (yoki unga tenglashtirilgan) diplomi, ilmiy daraja olingandan keyin chop etilgan kamida uchta ilmiy maqola, tegishli yo‘nalish bo‘yicha kamida ikkita tezis, suhbatdan o‘tishi hamda doktorlik dissertatsiyasi rejasining mufassal loyihasi talab etiladi.
Hujjatlar 2026-yil 15-avgust kuni soat 23:59 ga qadar qabul qilinadi. Hujjatlarning bir qismi my.gov.uz orqali avtomatik shakllantiriladi. Qolgan hujjatlar esa daraja.ilmiy.uz platformasiga yuklanadi.
Shuningdek, 16-iyul holatiga ko‘ra, 2026-yil IV chorak uchun mustaqil izlanuvchilikka 130 ta ariza kelib tushgan. Ulardan 109 tasi ko‘rib chiqilmoqda, 8 tasi qabul qilingan, 13 tasi rad etilgan.
