“Milliy tiklanish” demokratik partiyasi markaziy kengashi raisi Alisher Qodirov maktabgacha ta’lim tashkilotlarida ta’lim tilini tanlash tartibini qayta ko‘rib chiqish kerakligini bildirdi. Uning fikricha, bolalar boshlang‘ich ta’lim va tarbiyani davlat tilida olishi lozim.
Qodirov bu haqda fraksiya yig‘ilishida so‘z yuritib, “Maktabgacha ta’lim to‘g‘risida”gi qonunning 38-moddasiga o‘zgartirish kiritish masalasini ko‘tardi. Mazkur moddada ota-onalarga farzandi uchun maktabgacha ta’lim shakli va ta’lim tilini mustaqil tanlash huquqi berilgan. Deputatning fikricha, ushbu tartib qayta ko‘rib chiqilishi kerak.
“Milliy qadriyatlarimizni asrab-avaylaydigan, Vatanini sevadigan va vatanparvar avlodni tarbiyalash haqida gapiryapmiz. Ammo ota-onalarga ta’lim tilini erkin tanlash imkoniyati berilgan. Bunda davlat siyosati qanday bo‘lishi kerak?” — dedi u.
Deputat oliy ta’lim muassasalarida turli tillarda tahsil olish imkoniyati mavjudligini qayd etdi. Biroq boshlang‘ich ta’lim bosqichida til tanlash masalasiga boshqacha yondashish kerakligini ta’kidladi.
Uning aytishicha, boshqa millat vakillariga farzandlarini o‘z ona tilida o‘qitish imkoniyati saqlanishi lozim. Shu bilan birga, ota-onasi o‘zbek bo‘lgan bolalarning boshqa tilda ta’lim olishini cheklash taklifini ilgari surdi. Qodirov bu masalaga milliy xavfsizlik va ta’lim-tarbiya siyosati nuqtayi nazaridan qarash zarurligini bildirib shunday dedi:
“Boshqa millat vakili bo‘lgan vatandoshimiz bo‘lsa, marhamat, uning o‘z milliy tilini tanlashga huquqi bor. Lekin ota-onasi o‘zbek bo‘lgan odamga boshqa tilni tanlash huquqini bermaslik kerak. Bunga milliy xavfsizlik nuqtayi nazaridan, shuningdek, ta’lim-tarbiya siyosatimizni amalga oshirish nuqtayi nazaridan qarash kerak”, — dedi Qodirov.
Shuningdek, u ona tilini yo‘qotish milliy madaniyat va qadriyatlarning zaiflashishiga olib kelishi mumkinligini aytdi.
“Tilni boy bergandan keyin sertifikatimiz ham bir tiyin. Har qanday metodologiyamiz ham bir tiyin! Tilini yo‘qotgan bolani biz hech qachon o‘zimizniki qila olmaymiz. Bu milliy tahdid emasmi?” — deya savol qo‘ydi deputat.
Eslatib o’tamiz, O‘zbekistonda 6 yoshli bolalarni bir yillik majburiy maktabga tayyorlash umumiy o‘rta ta’limning dastlabki bosqichi sifatida belgilanmoqda. Bunda tayyorlov mashg‘ulotlarini maktabgacha ta’lim tashkilotlari va umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida tashkil etish, bolalarni ushbu jarayon bilan to‘liq qamrab olish nazarda tutilgani haqida xabar bergan edik.
