Kembrij lug‘ati (Cambridge Dictionary) 2026-yilning eng asosiy so‘zi sifatida “human” so‘zini tanladi. Tanlov sun’iy intellekt rivojlanayotgan bir paytda inson ijodi va tabiiylikka qiziqish ortayotgani bilan izohlangan.
Kembrij lug‘ati 2026-yilning so‘zi sifatida “human” (sifat, ya’ni insoniy, insonga oid) so‘zini e’lon qildi.
Ingliz tilida “human” so‘zi inson yoki odamlarga tegishli bo‘lgan narsalarni anglatadi. Shuningdek, u insonni mashinalardan ajratib turuvchi sifat va xususiyatlarni ifodalash uchun ham qo‘llanadi.
Kembrij lug‘ati muharrirlari bu yilgi tanlovni sun’iy intellektning kundalik hayot va ijodiy jarayonlarga keng kirib kelayotgani bilan bog‘lagan. Ularning ta’kidlashicha, buning natijasida inson tomonidan yaratilgan kontent va ijodiy ishlarga qiziqish ortmoqda.
“Sun’iy intellekt hukmron bo‘lgan dunyoda inson ijodi, muloqoti va tabiiyligiga bo‘lgan qiziqish yangidan ortmoqda”, — deyiladi Kemrij lug‘ati’ning yil so‘ziga bag‘ishlangan sahifasida.
Bu yil inson tabiati va texnologiyalardan foydalanish bilan bog‘liq “humanmaxxing” va “friction-maxxing” kabi atamalar ham e’tibor markazida bo‘ldi.
“Humanmaxxing” insonning jismoniy imkoniyatlari va farovonligini maksimal darajaga chiqarishga intilishini anglatsa, “friction-maxxing” raqamli texnologiyalarga qaramlikni kamaytirish maqsadida ayrim kundalik ishlarni ataylab an’anaviy yoki noqulayroq usulda bajarishni anglatadi.
Eslatib o‘tamiz, Kembrij lug‘ati 2025-yilning so‘zi sifatida “parasocial” (parasotsial) atamasini tanlagan edi. Bu atama odamning shaxsan tanish bo‘lmagan mashhur shaxs yoki boshqa bir inson bilan o‘zini hissiy jihatdan bog‘langan deb his qilishi bilan bog‘liq munosabatni anglatadi.
