Xorijiy OTMlardan Termiz iqtisodiyot va servis universitetiga o‘qishini ko‘chirmoqchi bo‘lgan talabgorlardan tahririyatga murojaatlar kelib tushdi. Universitet bu masala yuzasidan Talimxabarlari.uz’ga izoh berdi.
Tahririyatimizga Termiz iqtisodiyot va servis universitetiga xorijdagi oliy ta’lim muassasalaridan o‘qishini ko‘chirmoqchi bo‘lgan talabalar bilan bog‘liq murojaatlar kelib tushdi. Ularda universitet hujjatlarni qabul qilmayotgani, o‘qishni ko‘chirish jarayoni bir necha oydan beri yakunlanmayotgani va ayrim talabalar HEMIS tizimiga kiritilib, keyinchalik chiqarib yuborilgani aytilgan.
Yuborilgan murojaatlardan birida xorijiy oliy ta’lim muassasasida tahsil olgan talaba joriy yil iyul oyida o‘qishini O‘zbekistonga ko‘chirish uchun belgilangan tartibda ariza topshirgani va maxsus test sinovida qatnashib, yetarli ball to‘plaganini bildirgan.
U testdan so‘ng universitetga borib, o‘qishni ko‘chirishni rasmiylashtirish uchun hujjatlarini taqdim etgan. Biroq oradan taxminan uch kun o‘tib, unga universitetga qabul qilinmasligi haqida telefon orqali xabar berilgan. Rad etish sababi sifatida pasportida avvalgi yillarda Tojikiston Respublikasiga kirib-chiqish qaydlari mavjud emasligi ko‘rsatilgan. Talaba esa onlayn ta’lim olganini, shu sababli bunday qaydlar bo‘lmasligi mumkinligini bildirgan.
Boshqa murojaatchilar ham universitetga hujjat topshirish va o‘qishni ko‘chirish jarayonida muammolarga duch kelayotganini, universitet ularni HEMIS tizimiga kiritib, keyinchalik tizimdan chiqarib yuborganini ta’kidlagan.
Mazkur murojaatlarga oydinlik kiritish maqsadida Termiz iqtisodiyot va servis universiteti bilan bog‘landik.
Universitet taqdim etgan ma’lumotga ko‘ra, 2026–2027-o‘quv yili uchun xorijiy davlatlardagi oliy ta’lim tashkilotlaridan o‘qishni ko‘chirish bo‘yicha my.uzbmb.uz platformasi orqali jami 355 nafar talabgor ariza topshirgan. Maxsus test sinovlari natijalariga ko‘ra, ulardan 128 nafari sinovlardan muvaffaqiyatli o‘tgan.
Shundan so‘ng talabgorlarning hujjatlari universitet komissiyasi tomonidan o‘rganib chiqilgan. Natijada 128 nafar talabgordan faqat 7 nafarining hujjatlari belgilangan talablarga muvofiq deb topilgan va ular bilan kontrakt shartnomasi tuzishga ijobiy xulosa berilgan. Qolgan 121 nafar talabgorning hujjatlarida belgilangan talab va tartiblarga nomuvofiqliklar aniqlangani sababli ularga ijobiy xulosa berilmagan.
Universitet hujjatlarni tekshirishda Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 13-sentyabrdagi 578-son qarori bilan tasdiqlangan nizom hamda universitet Kengashining tegishli nizomi talablariga amal qilinganini ma’lum qildi.
Xorijga chiqish pasporti nima uchun talab qilinmoqda?
Universitet mas’ulining tushuntirishicha, xorijiy OTMlardan o‘qishni ko‘chirishda xorijga chiqish pasporti, ya’ni ‘‘qizil pasport’’ nusxasini taqdim etish universitet nizomining 43-bandida belgilangan.
Universitet mas’uli joriy o‘quv yilida o‘qishni ko‘chirish jarayonida talabgorlarning xorijiy davlatga borib-kelganligi bilan bog‘liq ma’lumotlar ham tekshirilayotganligini ta’kidladi. Bunga ayrim konsalting tashkilotlari tomonidan talabalarni xorijiy OTMlarga amalda o‘qimasdan, yuqori kurslarga ko‘chirishni va’da qilish holatlari sabab bo‘lgan.
Mas’ul xodimning ta’kidlashicha, masofaviy ta’lim shaklida o‘qigan talabalar ham har olti oyda kamida bir marta xorijiy davlatga borib, o‘quv jarayonidagi sessiyalarni yopib kelishi, shuningdek, xorijiy OTMga hujjat topshirish jarayonida ta’lim muassasasiga shaxsan borishi kerak. Shu sababli, xorijiy davlatga bormagan va pasportida kirib-chiqish qaydlari mavjud bo‘lmagan ayrim talabgorlarning o‘qishni ko‘chirish bo‘yicha arizalari rad etilgan.
Nega talabalar dastlab HEMIS tizimiga kiritilib, keyinchalik chiqarib yuborilgan?
Universitet mas’uli HEMIS tizimiga kiritilgan ayrim talabgorlarning keyinchalik tizimdan chiqarilgani yuzasidan ham izoh berdi.
Uning aytishicha, hujjatlarni tekshirish va xorijiy oliy ta’lim muassasalaridan rasmiy javob xatlarini olish jarayoni uzoq davom etgani sababli, maxsus test sinovidan muvaffaqiyatli o‘tgan ayrim talabgorlar HEMIS tizimiga vaqtincha kiritilgan.
Bu ularning hujjatlari bo‘yicha xorijiy OTMlardan tasdiqlovchi javob kelguniga qadar Hemis tizimi yopilib qolmasligi, keyinchalik ularni ro’yxatga olishda muammo bo’lib qolmasligi uchun qilinganligini ta’kidladi.
Biroq xorijiy oliy ta’lim muassasalaridan kelgan ayrim javob xatlarida talabgorlarning universitet ma’lumotlar bazasida mavjud emasligi, ular taqdim etgan talaba ID raqamlari xorijiy OTMdagi ma’lumotlarga mos kelmasligi yoki talabalar 2026-yilda o‘qishdan chetlashtirilgani qayd etilgan. Bunday holatlarda talabgorlarning hujjatlari belgilangan talablarga muvofiq deb topilmagan.
Shu tariqa, universitet 128 nafar talabgordan 121 nafariga ijobiy xulosa berilmaganini hujjatlarni tekshirish jarayonida aniqlangan nomuvofiqliklar bilan izohladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq xorijiy universitetlarda o‘qiganlik haqida soxta hujjat tayyorlatib, O‘zbekistondagi nodavlat oliygohlarga o‘qishini ko‘chirganlar uchun kelajakda jiddiy muammolar tug‘dirishi mumkinligi haqida xabar berilgan edi.
