Farg‘onada 41 nafar qizga noqonuniy diniy ta’lim berilgani aniqlandi: ular orasida maktabga chiqmaganlar ham bor

Farg‘onada 41 nafar qizga noqonuniy diniy ta’lim berilgani aniqlandi: ular orasida maktabga chiqmaganlar ham bor

Farg‘ona viloyatining Bag‘dod tumanida 41 nafar voyaga yetmagan qizga noqonuniy diniy ta’lim berib kelingani aniqlandi. Qizlar orasida hali maktabga bormagan 5–6 yoshli bolalar ham bo‘lgan. Hujrada yotib ta’lim olgani uchun ota-onalari oyiga 600 ming so‘mdan to‘lab kelgan.

 

Farg‘ona viloyatining Bag‘dod tumanida 41 nafar voyaga yetmagan qizga noqonuniy diniy ta’lim berib kelgan ayol aniqlandi. Holat viloyat Ichki ishlar boshqarmasi hamda Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida aniqlangan.

 

Ma’lum qilinishicha, 1987-yilda tug‘ilgan, tumanning Nurafshon mahallasida yashovchi ayol o‘z xonadonida hujra tashkil qilib, voyaga yetmagan qizlarga diniy saboq berib kelgan.

 

Hujrada Qo‘qon shahri, Uchko‘prik, Yozyovon, Buvayda va Bag‘dod tumanlarida yashovchi oilalarning 41 nafar qizi yotib ta’lim olgan. Ularning orasida 5–6 yoshli, hali maktabga bormagan qizlar ham bo‘lgan.

 

Diniy ta’lim uchun har bir bolaning ota-onasidan oyiga 600 ming so‘mdan to‘lov undirilgani aytilmoqda. Shuningdek, qizlarga diniy ta’lim bergan ayolning oliy ma’lumoti va tegishli diplomi bo‘lmagani ma’lum qilingan.

 

Mazkur holat yuzasidan ayolga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 229²-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

 

Bundan tashqari, hujrada ta’lim olgan 41 nafar voyaga yetmagan qizning ota-onalariga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 47-moddasi 3-qismi asosida ma’muriy bayonnomalar rasmiylashtirilgan.

Bilimni baholash agentligi

AI bot abituriyentlarga yo'nalish tanlashga yordam beradi

Bilim va malakalarni baholash agentligi ma'lumotlari asosida.

Telegram'da ochish