Samarqand shahrida tug‘ilgan, hozirda Toshkentda istiqomat qilayotgan 16 yoshli Yusubboeva Kamola IELTS’dan 8.0 ball, SAT imtihonidan esa 1430 ball natija qayd etdi. U bu natijalarga uzoq tayyorgarlik va mehnat orqali erishganini aytadi.
Kamolaning Talimxabarlari.uz saytiga maʼlum qilishicha, ingliz tiliga qiziqish unda juda erta shakllangan. Bolaligida onasi uning qiziqishini payqab, 2 yoshidanoq ingliz tiliga oid bolalar uchun mo‘ljallangan dasturlarni ko‘rishga undagan. Shu tariqa tilga bo‘lgan muhabbat asta-sekin qiziqishdan maqsadga aylangan.
5-sinfdan boshlab u ingliz tilini jiddiy o‘rganishga kirishgan. 13 yoshida IELTS’dan 7.0 ball olgan bo‘lsa-da, bu natija uni to‘liq qoniqtirmagan va u yanada yuqori natijalar sari harakatni davom ettirgan.
“Boshlanishi oson bo‘lmagan. IELTS va SATga bir vaqtda tayyorlanish, maktab darslari bilan birga olib borish qiyin edi. Ko‘pincha kechasi ham o‘qishga to‘g‘ri kelgan. Men asosan mustaqil o‘qishga (self-study) tayanaman, shu sababli ko‘p vaqtni o‘zim mustaqil tayyorgarlikka ajratganman”, — deydi u.
Kamola IELTS’ga taxminan bir yil, SAT imtihoniga esa olti oy davomida tayyorlangan. U hozir ham natijalarini yaxshilash ustida ishlayotganini aytadi.
Uning yondashuvi esa oddiy, lekin samarali — har bir topshiriqni chuqur tahlil qilish va xatolar ustida alohida ishlash. SAT’dan 1430 ball, ayniqsa matematika bo‘limidan 780 ball to‘plashida ham aynan shu usul unga yordam bergan.
“Men har bir topshirig‘imni kichik detallarga bo‘lib, tahlil qilardim. Nega xato qildim, qayerda mantiqni tushunmay qoldim, shularni chuqur o‘rganardim”, — deydi Kamola.
U IELTS’dan 8.0 ballni ham muntazam tayyorgarlik orqali qo‘lga kiritgan. Kamola har bir skill ustida alohida-alohida ishlaganini, shu usul uni yuqori natijaga olib chiqqanini ta’kidlaydi.
‘‘Men har doim ‘‘don’t work hard, work smart’’ maqoliga amal qilganman’’, — deydi u.
Tayyorgarlik jarayonida qiyinchiliklar ham bo‘lgan. Natijalar tez chiqmagani sababli ba’zida ruhiy tushkunlik holatlari kuzatilgan. Biroq ota-onasini xursand qilish istagi uni har doim oldinga undagan.
“Eng hayajonli lahza natija chiqqan kun edi. Yuqori natija chiqishiga ishonchim bor edi, lekin baribir hayajon katta bo‘lgan”, — deydi u.
Kamola tayyorgarlik jarayonida ijtimoiy tarmoqlardan deyarli foydalanmaganini ham ta’kidlaydi. Uning fikricha, diqqatni jamlash uchun eng muhim omillardan biri chalg‘ituvchi narsalardan voz kechishdir.
Kamola kelajakda dunyoning TOP 10 universitetlarida 100 foizlik grant asosida tahsil olishni maqsad qilgan.
“Har qanday yo‘lda ham to‘siqlar bo‘ladi, lekin bu to‘siqlarni faqatgina intizomli va qat’iyatli insonlargina yengib o‘ta olishadi. Shunday ekan siz ham har doim shunday inson bo‘lishga harakat qiling. To‘g‘ri vaqt yoki yosh yo’q, to‘g‘ri qarorlar bor’’, — deya maslahat beradi Kamola.
Avvalroq, Qashqadaryo viloyati Mirishkor tumanidagi 20-sonli umumiy oʻrta taʼlim maktabining 9-sinf oʻquvchisi Murodullayeva Amina bilan suhbat qilgan edik.
