Jizzaxda oʻquvchilarni APK fayl oʻrnatishga majburiy jalb etish haqidagi xabarlarga munosabat bildirildi

Jizzaxda oʻquvchilarni APK fayl oʻrnatishga majburiy jalb etish haqidagi xabarlarga munosabat bildirildi

Jizzax viloyati Zarbdor tumanidagi 1-maktab oʻquvchilarini APK fayl oʻrnatish boʻyicha targʻibot ishlariga majburiy jalb etish holati aniqlanmagan. Bu haqda viloyat MMTB maʼlum qildi.

 

Ijtimoiy tarmoqlarda Zarbdor tumanidagi 1-maktab bitiruvchi sinf oʻquvchilari darsdan chiqarilib, uyma-uy yurib telefonlarga APK fayl oʻrnatishga majburlanayotgani haqida xabarlar tarqaldi.

 

Mazkur holat yuzasidan Jizzax viloyati Maktabgacha va maktab taʼlimi boshqarmasi rasmiy munosabat bildirdi.

 

Unga koʻra, profilaktika kuni doirasida kiberfiribgarlikning oldini olish va fuqarolarning moliyaviy xavfsizligini taʼminlash maqsadida oʻtkazilgan targʻibot tadbirlarida oʻquvchilarni majburiy jalb etish holati aniqlanmadi.

 

Avvalroq, Navoiy shahridagi 20-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabida xodimlarni majburiy mehnatga jalb qilish holati aniqlangan edi. Tekshiruv yakunlariga ko‘ra, xodimlarni ta’mirlash ishlariga majburlagan mas’ul shaxsga ma’muriy jarima qo‘llanilgan.