Olis hududlarda ishlaydigan shifokorlar ustamasi 4,5 million so‘mga oshiriladi

Olis hududlarda ishlaydigan shifokorlar ustamasi 4,5 million so‘mga oshiriladi

Kelgusi yildan olis hududlarda ishlaydigan shifokorlarning oylik ustamasi oshirilib, ularga qo‘shimcha rag‘bat va uy-joy olish uchun yordam beriladi.

 

Bugun, 27-oktyabr kuni Ko‘ksaroy qarorgohida o‘tkazilayotgan uchrashuvda tibbiyot sohasini rivojlantirish, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish va mutaxassislar malakasini oshirish masalalariga e’tibor qaratildi.

 

Prezident Shavkat Mirziyoyev shifokor mehnatining qadri haqida so‘z yuritib, ma’rifatparvar alloma Abdurauf  Fitratning “Insonga xizmat qilgan har bir soha muqaddas, ammo inson sog‘lig‘iga xizmat qilgan soha – ulug‘roqdir” degan so‘zlarini esladi.

 

Tizimda kamida 15 yil ishlagan tibbiyot xodimlarining ipoteka krediti bir qismini qoplash uchun 50 milliard so‘m ajratildi. Ushbu imkoniyat orqali kelasi yili 1 ming nafar tibbiyot xodimi yangi uyga ko‘chib o‘tishi ko‘zda tutilgan.

 

Bundan tashqari, yosh kadrlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida har yili 500 nafar yosh tibbiyot xodimining ipoteka krediti boshlang‘ich badalining 25 foizi qoplab beriladi.

 

Kelgusi yildan olis hududlarda ishlaydigan barcha shifokorlarning oylik qo‘shimcha ustamasi 2 million so‘mdan 4,5 million so‘mga oshiriladi. Shuningdek, bunday hududlarga ishga kirgan shifokorlarga 50 million so‘m miqdorida bir martalik rag‘bat puli beriladi.

 

Avvalroq, O‘zbekistonda Garvard maktabi bilan hamkorlikda tibbiyot mutaxassislari tayyorlanishi haqida xabar bergan edik.