Attestatsiya savollari qanday tayyorlandi? — Markaz direktori izoh berdi

Attestatsiya savollari qanday tayyorlandi? — Markaz direktori izoh berdi

Bugun boshlangan pedagoglarning kuzgi attestatsiyasi uchun savollar bazasi ikki marta aprobatsiyadan o‘tkazilgan. Topshiriqlar pedagoglarning nafaqat bilimini, balki kasbiy kompetensiyalarini ham baholashga qaratilgan.

 

Bugun, 26-oktyabr kuni pedagoglarning 2026-yil kuzgi malaka toifa sinovlari boshlandi. Jarayon 28-noyabrga qadar davom etishi rejalashtirilgan.

 

Pedagogik mahorat va xalqaro baholash ilmiy-amaliy markazi direktori Dilrabo Davidova Talimxabarlari.uz sayti muxbiriga savollar bazasini tayyorlash jarayoni va sinovlarning mazmuni haqida ma’lumot berdi.

 

Uning aytishicha, attestatsiya uchun 32 ta umumiy o‘rta ta’lim fani, 3 ta yo‘nalish, maktabgacha ta’limning 10 ta yo‘nalishi hamda boshlang‘ich ta’lim bo‘yicha savollar bazasi shakllantirilgan. Boshlang‘ich ta’lim bo‘yicha malaka sinovi bazasi yetti tilda ishlab chiqilgan.

 

Dilrabo Davidovaning ta’kidlashicha, malaka sinovi topshiriqlari spetsifikatsiyalari joriy yilning avgust oyida vazirlikning rasmiy veb-saytida e’lon qilingan. Savollar bazasi esa ikki bosqichda — 28–29-avgust hamda 28–29-sentyabr kunlari aprobatsiyadan o‘tkazilgan.

 

Zaruratga qarab, savollarga tegishli tahrirlar olib borilgan. Bugungi kunga kelib barcha fan va yoʻnalishlar boʻyicha savollar bazasi tayyor holatga keltirilgan.

 

Biz savollarni ishlab chiqish jarayonida pedagoglarimizning nafaqat bilishi yoki tushunishiga doir, balki yuqori kognitiv darajadagi koʻnikmalari, umuman, kompetensiyalarini namoyon qilishga doir ham savollarni berganmiz. Bu jarayon ustozlarimiz va pedagoglarimizning oʻz bilimlarini, oʻz salohiyatlarini ham namoyon qilishlari uchun yana bir katta imkoniyatdir. Bu jarayonda barchaga omad tilaymiz, – deydi markaz direktori.

 

Eslatib o‘tamiz, 2026-yil kuzgi pedagoglar attestatsiyasi 26-oktyabrdan 28-noyabrgacha davom etishi rejalashtirilgan.

 

Avvalroq, Talimxabarlari.uz sayti muxbiri attestatsiyaning ilk kunida 82 va 72 ball to‘plab, oliy va birinchi malaka toifalarini olgan toshkentlik ikki informatika o‘qituvchilarining fikrini o‘rgangan edi.