Nodavlat OTMning 3-kursiga o‘qishga kiritishni va’da qilgan yana bir shaxs ushlandi

Nodavlat OTMning 3-kursiga o‘qishga kiritishni va’da qilgan yana bir shaxs ushlandi

Namangan shahrida fuqaroni Andijon iqtisodiyot va pedagogika universitetining 3-kursiga o‘qishga kiritib qo‘yishni va’da qilgan shaxs 18 mln so‘m olayotgan vaqtida ushlandi. Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

 

Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining Namangan viloyati boshqarmasi hamda Namangan shahar bo‘limi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda oliy ta’lim muassasasiga noqonuniy o‘qishga kiritish bilan bog‘liq holat aniqlangan.

 

Ma’lum qilinishicha, gumonlanuvchi fuqaroni Andijon iqtisodiyot va pedagogika universitetining 3-kursiga o‘qishga kiritib qo‘yishni va’da qilgan. Buning evaziga u 18 mln so‘m talab qilgan.

 

Tezkor tadbir davomida gumonlanuvchi kelishilgan pulni olayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

 

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

 

Eslatib o‘tamiz, avval ham oliy ta’lim muassasalariga noqonuniy ravishda o‘qishga kiritish bilan bog‘liq holatlar haqida xabar berilgan edi. Jumladan, sentabr oyida fuqaroning soxta hujjatlaridan foydalanib, uni xususiy oliygohning 3-bosqichiga o‘qishga kiritishni va’da qilgan shaxslar ushlangan.

 

Avgust oyida esa Toshkentda fuqaroni tibbiyot yo‘nalishidagi oliy ta’lim muassasasining 3-bosqichiga kiritishni va’da qilib, buning uchun 4 500 AQSH dollari talab qilgan shaxs 3 000 dollarni olayotgan vaqtida qo‘lga olingan.