Toshkentda fuqaroning soxta hujjatlaridan foydalanib, uni xususiy oliygohning 3-bosqichiga o‘qishga kiritib qo‘yishni va’da qilgan shaxslar ushlandi. Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Davlat xavfsizlik xizmatining Toshkent shahar bo‘yicha boshqarmasi, Bosh prokuratura huzuridagi Departament hamda Ichki ishlar vazirligi xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda oliy ta’lim muassasasiga noqonuniy tarzda o‘qishga kiritish bilan bog‘liq holat aniqlandi.
Ma’lum qilinishicha, 1997-yilda Jizzax viloyatining G‘allaorol tumanida tug‘ilgan, hozirda Toshkent shahrida yashovchi shaxs tanishlari yordamida fuqaroning Rossiyadagi oliygohlardan birida ikki yil tahsil olgani haqidagi soxta hujjatlar asosida uni poytaxtdagi xususiy oliygohning 3-bosqichiga o‘qishga kiritib qo‘yishni va’da qilgan.
Buning evaziga u 8 ming AQSH dollari talab qilib, 7 500 dollarni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi. Tezkor tadbir davom ettirilib, mazkur pulni undan olgan, 1993-yilda tug‘ilgan fuqaro ham ushlangan.
Tergovga qadar tekshiruv davomida ushbu noqonuniy ishga Yakkasaroy tumani IIO FMB inspektor-psixologi ham aloqadorligi aniqlangan. Natijada, inspektor ham 7500 dollarni olgan vaqtida uning noqonuniy harakatiga chek qo‘yilgan.
Hozirda holat yuzasidan mazkur shaxslarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
DXX fuqarolarni shu kabi qonunbuzilish holatlariga duch kelganda 1520 qisqa raqamiga xabar berishga chaqirdi. Xabar bergan shaxsning sir saqlanishi kafolatlanishi ma’lum qilingan.
