O‘zbekistonda Garvard tibbiyot maktabi bilan hamkorlikda irsiy kasalliklar bo‘yicha mutaxassislar o‘qitiladi va genetik tekshiruv joriy etiladi. Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyev sog‘liqni saqlash va farmatsevtika sohasi xodimlari bilan uchrashuvda ma’lum qildi.
Bugun, 27-oktyabr kuni Ko‘ksaroy qarorgohida o‘tkazilayotgan uchrashuvda tibbiyot sohasini rivojlantirish, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish va mutaxassislar malakasini oshirish masalalariga e’tibor qaratildi.
Tadbir davomida dunyo tibbiyotida genomika, hujayra va biotexnologiyalar orqali ilgari davolash imkonsiz bo‘lgan ko‘plab kasalliklarga yechim topilayotganini qayd etildi.
Inson hayoti va salomatligi bilan bog‘liq tadqiqotlarda uning huquqi, roziligi va qadr-qimmati birinchi o‘rinda turishi shart, – dedi davlat rahbari.
Shu bois, bioetika va biotexnologiya sohalari uchun mustahkam huquqiy asos yaratiladi.
Garvard tibbiyot maktabi bilan hamkorlikda irsiy kasalliklar bo‘yicha mutaxassislar o‘qitiladi va genetik tekshiruv joriy etiladi.
Uchrashuv davomida qayd etilishicha, kun sayin tibbiyotga yangi texnologiyalar, zamonaviy diagnostika va davolash usullari kirib kelmoqda.
Tibbiyot xodimlari doim o‘z ustida ishlashi, yangiliklardan ortda qolmasligi kerak! – dedi Prezident.
Shu bois, xodimlar malakasini oshirishga xususiy sektor faol jalb etiladi. Tibbiyot xodimlari qayerda malaka oshirishni o‘zlari mustaqil tanlaydi.
Tibbiyot xodimlarining malaka oshirish xarajatlari qoplanadi
Shu bilan birga, birlamchi bo‘g‘in va tumanlardagi xodimlarning malaka oshirish xarajatlari to‘liq qoplanadi. Mazkur xarajatlarni davlat o‘z zimmasiga oladi.
Natijada tumanlarda ishlaydigan 130 ming tibbiyot xodimining har yili 100 milliard so‘m mablag‘i o‘zida qoladi.
Aholi salomatligi bilan bog‘liq sohada aniq tartib, qat’iy nazorat bo‘lishi, bu faoliyat bilan faqat professionallar shug‘ullanishi kerak.
Tibbiyot va farmatsevtika xodimlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish tizimiga uzoq tayyorgarlik ko‘rildi, ilg‘or tajribalar o‘rganildi. Tizim kelasi yil 1-iyuldan yo‘lga qo‘yiladi.
Dastlabki bosqichda davlat ro‘yxatidan o‘tish ixtiyoriy bo‘ladi. 2030-yildan esa bu tartib majburiy tus oladi.
Bundan tashqari, ro‘yxatdan o‘tgan shifokor va farmatsevtlarning ish haqiga 7 million so‘mdan, hamshiralarga 3,5 million so‘mdan ustama to‘lanadi.
Mutasaddilarga sohada ta’lim sifati, kadrlar tayyorlash va malaka oshirish tizimining uzluksiz ishlashini ta’minlash topshirildi.
Avvalroq, tibbiyot xodimlari malaka oshirish uchun ta’lim shakli va muassasani mustaqil tanlashi haqida xabar berilgandi.
