SAT — 1320 ball, IELTS — 7,5 natija: Qashqadaryolik 9-sinf o‘quvchisi bilan suhbat

SAT — 1320 ball, IELTS — 7,5 natija: Qashqadaryolik 9-sinf o‘quvchisi bilan suhbat

Qashqadaryo viloyati Mirishkor tumanidagi 20-sonli umumiy oʻrta taʼlim maktabining 9-sinf oʻquvchisi Murodullayeva Amina xalqaro SAT imtihonidan 1320 ball, IELTSdan 7,5 ball shuningdek, Ona tili va adabiyot fanidan A+ hamda Tarix fanidan A darajali milliy sertifikatlarga ega boʻldi.

 

Aminaning Talimxabarlari.uz saytiga maʼlum qilishicha, u yoshligidan bilimga, ayniqsa matematika va ingliz tiliga qiziqishi kuchli boʻlgan. Uning aytishicha, maktabga chiqishdan oldin ham opalari yordamida oʻqish, yozish, hisoblash, inglizcha soʻzlar va hatto ruschada sanashni oʻzlashtirib ulgurgan. Oiladagi kitobxonlik muhiti uning rivojlanishida muhim rol oʻynagan.

 

U 7 yoshida opasi olib kelgan Jyul Vernning “15 yoshli kapitan” asaridan boshlab badiiy adabiyotga qiziqa boshlaganini, shundan soʻng kitoblar uning kundalik hayotining ajralmas qismiga aylanganini aytadi.

 

‘‘Shundan keyin har doim opamni kelishini intiqlik bilan kutardim. Har hafta kitob olib kelsa, oʻzimda yoʻq xursand boʻlardim. Kitoblarsiz hayotimni tasavvur qila olmasdim. Hozirgacha 209 ga yaqin badiiy asar oʻqiganman. 7-sinfdan buyon esa koʻpincha ingliz tilida oʻqiyman’’, — deydi Amina.

 

Ingliz tilini mustaqil oʻrganish esa 6-sinf davrida boshlangan. 7-sinfda maktab toʻgaraklarida qatnashib, ingliz tiliga tayyorlangan va B2 darajani qoʻlga kiritgan.

 

‘‘Taxminan 11 yoshlarimda opalarim bilan ingliz tili kitobidan birga shugʻullanganmiz. Shundan keyin mustaqil oʻrganishga qiziqish paydo boʻlgan. Men hayotdagi bir xillikni yoqtirmayman, har doim nimadir oʻrganishni xohlardim. Shunday qilib 6-sinfda 400-500 betdan kam boʻlmagan kitobni mustaqil oʻqib yodlab tugatdim. Buni natijasida oz bo’lsa ham bilim orttirdim. Oʻsha paytlari uydagilardan telefon olib, inglizcha qoʻshiqlarni matni bilan eshitardim. Hatto qoʻshiq eshitsam ham uni matni bilan tinglab, vaqtni foydali oʻtkazishga harakat qilardim’’ — deydi u.

 

8-sinfda Amina “Registon IELTS” tanlovida grant asosida oʻqish imkoniyatini qoʻlga kiritib, 4 oy tayyorgarlikdan soʻng IELTS imtihonida 7,5 ball natijaga erishgan. Uning aytishicha, bu jarayonda ota-onasini ham ishontirishga toʻgʻri kelgan va ularning ishonchini oqlash uchun katta masʼuliyat bilan tayyorlangan.

 

IELTSʼdan soʻng u SAT imtihoniga tayyorgarlikni boshlagan. SATning matematika qismini ustoz bilan 1-yil davomida oʻrgangan boʻlsa, ingliz tili qismini mustaqil tayyorlangan. U bu jarayonni ancha murakkab deb taʼriflaydi. Kitoblar, onlayn darslar va turli ekspert videolaridan foydalangan holda bilimini oshirgan.

 

‘‘Afsuski, ingliz tili qismi boʻyicha tayyorlaydigan ustoz yoʻq edi, shuning uchun bu yoʻnalishga ancha murakkab boʻlishiga qaramay mustaqil tayyorlandim. Kitoblar topib, ularni oʻqib chiqdim, onlayn darslarni koʻrdim, ingliz tilida oʻtilgan ekspertlar darslarini tingladim hamda testlar yechib bordim. Matematika qismini esa ustoz bilan birgalikda rivojlantirdik. Toʻgʻrisi, matematika men uchun unchalik ham oson boʻlmagan, uni oʻzlashtirishda biroz qiyinchiliklar boʻldi. Biroq shunga qaramay, toʻxtamadim, chunki menga ishonadiganlar koʻp edi va men qiyinchiliksiz hech narsaga erishib boʻlmasligini yaxshi tushunardim’’, — deya taʼkidlaydi Amina.

 

Amina 8-sinfni tugatgan yozdan boshlab bir vaqtning oʻzida bir nechta fanlarga ham tayyorlanganini, jumladan ona tili va tarix fanlarini ham parallel oʻqiganini taʼkidlaydi. Ketma-ket imtihonlar natijasida ona tili va tarix boʻyicha ham muvaffaqiyatga erishgan.

 

Kundalik rejimi haqida gapirar ekan, Amina kechqurun darslardan soʻng kech soat 1–2 gacha tayyorlanish bilan shugʻullanganini, ertalab esa soʻz yodlashga vaqt ajratganini aytadi. U ingliz tilini “hayot tarziga aylantirish” eng muhim usul boʻlganini taʼkidlaydi.

 

Tayyorgarlik jarayonida u faqat test yechish bilan cheklanmagan, balki ingliz tilida filmlar, matnlar, qoʻshiqlar, kitoblar orqali doimiy amaliy mashgʻulot olib borgan. Shu bilan birga, xatolarni tahlil qilish va kundalik yuritish ham uning rivojlanishiga yordam bergan.

 

‘‘Samarali oʻqishning asosiy qoidasi — oʻrganayotgan narsani sevish va zeriktirmaslik. Men IELTS jarayonida aynan shuni qildim. Kunduz kunlari kinolar koʻrdim subtitr bilan, koʻp dars qilib zeriksam, matn bilan qoʻshiq eshitganman. Writing uchun insholar, qisqa matnlar yozdim. Speaking uchun doimiy muloqot qilardim. Har kuni kechqurun uxlashdan oldin hech boʻlmasa 20daqiqa Ingliz tilida badiiy asar oʻqidim’’, — deydi u.

 

Amina IELTS listening qismidan maksimal — 9 ball olganini ham alohida taʼkidlaydi. U buni ingliz tilidagi seriallar, qoʻshiqlar va audio materiallarni doimiy tinglash orqali erishganini aytadi.

 

Amina oʻz tayyorgarlik jarayonida samarali oʻqish usullariga alohida eʼtibor qaratganini taʼkidlaydi. Uning fikricha, muvaffaqiyatning asosiy kaliti — muntazamlik va toʻgʻri yondashuv.

 

U qoʻllagan asosiy metodlar quyidagilardan iborat:

  • ishni boʻlib-boʻlib bajarish, yaʼni bir yoʻla emas, oraliq tanaffuslar bilan oʻqish. Tanaffuslarda esa jismoniy faoliyat — hovli ishlari, tartibga keltirish kabi yumushlar bilan shugʻullanish;
  • Active practiceʼga eʼtibor qaratish, yaʼni faqat test yechish emas, balki ingliz tilida kitob oʻqish, darslar koʻrish va foydali kontentlardan foydalanish;
  • oʻziga mos oʻquv muhitini yaratish va ingliz tilini kundalik hayotga singdirish;
  • kichik yutuqlarni ham qadrlash va doimiy progressni kuzatib borish;
  • xatolar kundaligini yuritish orqali bir xil xatolarni takrorlamaslik;

 

Ona tili va tarix fanlaridan yuqori natija olishida esa oʻqituvchilar bilan muntazam ishlash, koʻp test ishlash va mavzularni chuqur oʻzlashtirish hal qiluvchi rol oʻynagan.

 

U tayyorgarlik jarayonida tushkunlik boʻlgan paytlar ham boʻlganini inkor etmaydi, biroq bunday vaziyatlarda vaqtinchalik dam olish va oʻzini chalgʻitish yordam berganini aytadi.

 

Natijalar chiqqan kunni esa u hayajonli va unutilmas lahza sifatida tasvirlaydi. SAT natijasini olganida quvonchini birinchi navbatda ota-onasi va ustozlari bilan boʻlishgan.

 

‘‘Kun sanab kutganman. SAT natijasi chiqqanida juda xursand boʻldim. Ota-onam va ustozlarim bilan boʻlishdim. IELTS natijasini olganimda esa hatto onamni quchoqlab yigʻlab yuborganman. Bu hissiyotlarni soʻz bilan aytish qiyin’’, — deydi u.

 

Telefon va ijtimoiy tarmoqlardan esa u asosan foydali maqsadlarda — taʼlimiy kontentlar, dars videolari va test materiallari uchun foydalanganini bildiradi.

 

Kelajak rejalari haqida soʻzlar ekan, Amina xalqaro miqyosda taʼlim olish, dunyoning nufuzli universitetlariga, jumladan Harvard, Oxford va Cambridge kabi oliygohlarga hujjat topshirishni maqsad qilganini aytadi. Uning orzusi — Angliyada grant asosida oʻqish.

 

U tengdoshlariga esa eng muhim maslahat sifatida tinimsiz mehnat qilish, oʻziga ishonish va qiyinchiliklardan qoʻrqmaslikni tavsiya qiladi.

 

‘‘Bu yoʻlda turli toʻsiqlar uchrashi mumkin. Orzularingiz katta, maqsadlaringiz yuksak boʻlgani uchun sizga ishonchsizlik bildiradigan, qatʼiyatingizni sinovdan oʻtkazadigan insonlar ham boʻladi. Biroq ularga eʼtibor bermaslik, toʻsiqlarni mardonavor yengib oʻtish lozim. Oʻzingizga va yorqin kelajagingizga ishonch bilan qarab, bu yoʻlda dadil qadam tashlang. Asosiysi, chekinmaslik. Axir, inson erishgan ishni boshqa inson ham bajara oladi’’, — deydi Amina.

 

Avvalroq, Sirdaryo viloyati, Guliston shahrida 10-sinf o‘quvchisi muddatidan avval talabalikni qo‘lga kiritganligi haqida xabar bergan edik.