2ta A+ va A: Gulistonda 10-sinf o‘quvchisi 5 ta fandan milliy sertifikat olib, muddatidan oldin talabalikni naqd qildi

2ta A+ va A: Gulistonda 10-sinf o‘quvchisi 5 ta fandan milliy sertifikat olib, muddatidan oldin talabalikni naqd qildi

Sirdaryo viloyati, Guliston shahrida 10-sinf o‘quvchisi muddatidan avval talabalikni qo‘lga kiritdi. Ushbu natija bilan u Toshkent tibbiyot akademiyasiga hujjat topshirishni maqsad qilgan.

 

Sirdaryo viloyati, Guliston shahrida 10-sinf o‘quvchisi Axmetova Shabnam Baxrombek qizi 5 ta fandan sertifikatlar olib, muddatidan bir yil avval 189 ball to‘pladi.

 

Xususan, u kimyo va biologiyadan A+, tarixdan A, matematika hamda o‘zbek tili va adabiyotdan C+ darajali milliy sertifikatlarga ega bo‘lgan.

 

Talimxabarlari.uz sayti muxbiri mazkur o‘quvchi bilan sertifikatga tayyorgarlik jarayoni va kelajakdagi rejalari haqida suhbatlashdi.

 

“O‘zimni sinab ko‘rish va bilimlarimni mustahkamlash maqsadida sertifikat olishni 8-sinfdan xohlab boshladim. Dastlab tayyorgarlik jarayoni biroz qiyin kechdi, lekin vaqt o‘tishi bilan barcha qiyinchiliklarni yengib o‘ta oldim,” — deydi o‘quvchi.

 

“Kimyo fanini mukammal o‘rganishim uchun ko‘proq vaqt talab qildi”

 

Shabnamning aytishicha, kimyo faniga chuqur tayyorgarlik ko‘p vaqt talab qilgan bo‘lsa, qolgan fanlarga taxminan bir yil davomida tayyorlangan.

 

“Kimyo fanini mukammal o‘rganishim uchun ko‘proq vaqt talab qildi. Qolgan fanlarga esa taxminan 1 yil davomida tayyorlandim va bu yetarli bo‘ldi,” — deydi u.

 

Tayyorgarlik jarayonida darsliklar va repetitorlardan foydalanish bilimlarni mustahkamlashda muhim rol o‘ynagan. O‘quvchi samarali usullarini shunday izohlaydi:

 

“Vaqtni to‘g‘ri taqsimlash, diqqatni jamlash va boshqa chalg‘ituvchi narsalardan uzoq bo‘lish eng samarali usullarim bo‘ldi.”

 

U test vaqtida ko‘p qilinishi mumkin bo‘lgan xatoni quyidagicha ta’riflaydi:

 

“Testda eng katta xatolardan biri — bitta savolga ortiqcha vaqt sarflash. Tez ishlash ko‘nikmasini shakllantirish va barcha savollarni boshidan oxirigacha ko‘rib chiqish juda muhim”.

 

“Tungi soat 1–2 gacha dars qilardim”

 

Bo‘lg‘usi talabaning ta’kidlashicha, tayyorgarlik davomida fanlarni chuqur va mukammal o‘rganishi natijasida imtihon savollari katta qiyinchilik tug‘dirmagan.

 

“Men bir vaqtning o‘zida ko‘p fanlarni o‘rganishga urinmadim. Har bir fanga alohida e’tibor qaratganim sababli, ularni tezroq o‘zlashtira oldim. Shuning uchun, maktab hamda sertifikat tayyorgarligiga bemalol ulgurdim”, — deydi Shabnam.

 

Oldinda yana qo‘shimcha bir yili bo‘lgan Shabnam tayyorgarlikni vaqtli boshlab avvalroq sertifikat olgan.

 

“Ba’zi paytlarda tungi soat 1–2 gacha dars qilishimga to‘g‘ri kelardi. Shunga qaramay, ertalab 5:30 da turish oson bo‘lmasa-da, maqsadim uchun bunga ham sabr qildim”.

 

Uning aytishicha, boshqa abituriyentlarda bo‘ladigandek tayyorgarlik davomida unda ham tushkunlikka tushish va turli qiyinchiliklar, hatto tortishuvlar ham bo‘lgan.

 

“Tayyorgarlik vaqtida tushkunliklar va turli qiyinchiliklar, hatto tortishuvlar ham bo‘ldi. Masalan, olimpiadalardagi tushunmovchiliklar yoki ustozlardan tanbeh eshitish ba’zida ruhiy bosim berdi. Lekin aynan shu sinovlar meni kuchaytirib, yanada o‘sishimga yordam berdi,” — deydi o‘quvchi.

 

“Maktablarda son emas, sifat muhim”

 

O‘quvchi o‘z tajribasidan kelib chiqib, sertifikat olishni istaganlarga quyidagicha tavsiyalarni berdi. Bular: ko‘ngilxushlikka berilib ketmaslik, chalg‘ituvchi narsalardan yiroq bo‘lish va imkon qadar ertaroq, sifatli tayyorgarlikni boshlash.

 

Suhbat yakunida o‘quvchi maktabdagi ta’lim tizimi haqida fikrlari bilan bo‘lishdi.

 

“Mening fikrimcha, maktablarda son emas, sifat muhim. O‘qituvchilar mavzuni chuqur, tushunarli va qiziqarli tarzda yetkazsalar, o‘quvchilar ham bilim olishga yanada qiziqadilar”, — dedi u.

 

Hozirda Shabnam ingliz tilini chuqur o‘rganmoqda, chunki kelajakda chet elda malaka oshirishi va rivojlanishi uchun bu til muhim deb hisoblaydi.

 

Shabnamni o‘qishlariga muvaffaqiyat tilab qolamiz!

 

Avvalroq, Andijonda 11-sinf o‘quvchisi muddatidan avval talabalikni naqd qilgani haqida xabar bergan edik.