Andijonda yana bir bitiruvchi muddatidan avval talabalikni naqd qildi

Andijonda yana bir bitiruvchi muddatidan avval talabalikni naqd qildi

Andijon viloyati Paxtaobod tumani 37-IDUM 11-E sinf o‘quvchisi Ro‘zimaxammatova Malikabonu tarix A, o‘zbek tili va adabiyot fanlaridan A, CEFR B2, hamda matematikadan C darajali milliy sertifikatlarni qo‘lga kiritdi. Bu bilan u muddatidan avval talaba bo‘lish imkoniyatiga ega bo‘lgan.

 

Malikabonu o‘qishni rejalashtirayotgan Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti hamda O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetiga muddatidan oldin 189 ball to‘pladi.

 

“10-sinfda ilk sertifikatimni qo‘lga kiritganman. Tarix faniga juda qiziqqanim uchun tayyorgarlik jarayonim qiyin kechmadi. Ona tili fanidan ham A darajani qo‘lga kiritganimdan so‘ng, o‘qishga bo‘lgan ishtiyoqim yanada oshdi”, — deydi o‘quvchi.

 

Talimxabarlari.uz sayti muxbiri mazkur o‘quvchi bilan sertifikatga tayyorgarlik jarayoni, qiyinchiliklari va keyingi rejalari haqida suhbatlashdi.

 

Tayyorlanish jarayoni 

 

Uning ta’kidlashicha, tarix va ingliz tili fanlari asosiy fani bo‘lgan va bu fanlarga 2 yil davomida tayyorlangan. Matematika va ona tili fanlaridan esa 2 oy davomida tayyorlanib, sertifikat olishga muvaffaq bo‘lgan.

 

“Asosiy fanimdan sertifikat olish uchun maktabimizning malakali tarix fani o‘qituvchisi Turg‘unov Rasulbek bilan tayyorlandim. Qolgan fanlardan ham sertifikat olishda maktabimiz o‘qituvchilarining hissasi katta bo‘ldi,” — deydi o‘quvchi.

 

Muvaffaqiyatning siri

 

O‘quvchi tayyorgarlik jarayonida ko‘p test yechish va mavzularni takrorlashni samarali usul sifatida ko‘rgan.

 

“Fanlarga qiziqishim kuchli bo‘lgan. Shuning uchun, tayyorlov jarayonida mavzularni ko‘proq takrorlash va test yechishdan foydalanganman. Imtihonda esa savollarni birinchi yaxshilab tushunib olib keyin ishladim. Tarixdan test yechishda xato javoblarni chiqarib yuborish usulidan foydalanganman”.

 

Malikaning aytishicha, savollarning qiyinlik darajasi u kutganidek bo‘lgan. O‘qituvchisi o‘rgatgan metodika tufayli unchalik qiynalmagan.

 

“Bizning maktabimiz tartib-qoidalari kuchli, har bir fandan chuqur bilim beriladi. Shunday bo‘lsa, ham darslardan so‘ng kurslarga qatnashdim”.

 

Intizom va bilimga ishonch

 

Bo‘lg‘usi talabaning ta’kidlashicha, kun tartibida uyquning alohida o‘rni bor.

 

““Yaxshi dam mehnatga hamdam” deganlaridek, kun tartibimda uyquning o‘z o‘rni bor. Kun davomida charchoq hissi bilan yurmaslik uchun uyqu rejimimni ham o‘z vaqtiga qo‘yganman”.

 

Asosiy fanlaridan biri bo‘lgan tarix fanidan u dastlab o‘zi kutgan natijani olmaganini aytdi.

 

“Tarix fanidan 2 marta sertifikat topshirganimda ham bir xil darajadagi ballni qo‘lga kiritganman, shundan so‘ng ancha tushkunlikka tushib qolganman. Inson o‘z kuchiga va qila olishiga ishonsa albatta bu ishning uddasidan chiqa oladi,  faqatgina to‘xtab qolmasdan harakatda bo‘lsa bas”, — deydi u.

 

Malika hozirda qo‘shimcha til sifatida rus tilini o‘rganmoqda.

 

Malikani o‘qishlariga muvaffaqiyat tilab qolamiz!

 

Avvalroq, O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida tahsil olishni rejalashtirgan surxondaryolik o‘quvchi Ochildiyeva Gulzoda Alisher qizi bilan suhbatlashgan edik.