“Bugungi qiyinchiliklar — ertangi g‘alabalar poydevori”: surxondaryolik o‘quvchi bir nechta milliy sertifikatni qo‘lga kiritdi

“Bugungi qiyinchiliklar — ertangi g‘alabalar poydevori”: surxondaryolik o‘quvchi bir nechta milliy sertifikatni qo‘lga kiritdi

Surxondaryo viloyati Sariosiyo tumanidagi 19-sonli umumtaʼlim maktabining 11-sinf oʻquvchisi Ochildiyeva Gulzoda Alisher qizi bir nechta fanlardan milliy sertifikatlarga ega boʻldi. U Oʻzbekiston davlat jahon tillari universitetida tahsil olishni maqsad qilganini, bu natijalarga erishishda esa muntazam tayyorgarlik va oʻz ustida ishlash muhim rol oʻynaganini aytadi.

 

Gulzodaning Talimxabarlari.uz saytiga ma’lum qilishicha, sertifikat olish gʻoyasi ikki yil avval paydo boʻlgan va u oʻsha paytdan boshlab maqsad sari harakat qilgan. U oʻzbek tili va adabiyoti fanidan A, matematika fanidan B+, tarix fanidan B, ingliz tilidan esa CEFR B2 darajali milliy sertifikatlarni qoʻlga kiritgan.

 

“Sertifikat olish gʻoyasi 2-yil avval paydo boʻlgan. Maktabda yaxshi oʻqiganim sababli tayyorgarlik uncha qiyin kechmagan, faqat matematika fanida biroz qiyinchilik boʻlgan”, — deydi u.

 

U ingliz tili faniga 1,5-yil, ona tiliga 7 oy, tarixga 2 oy, matematikaga esa 3 oy tayyorlanganini aytadi.

 

Tayyorgarlik jarayonida u oʻquv markaziga qatnashgan, shuningdek qoʻllanmalar, testlar va YouTube platformasidagi video darslardan foydalangan.

 

“Tayyorlanish vaqtida men oʻrgangan bilimlarimni takrorlashim va testda yoʻl qoʻygan xatolarimni qayta koʻrib tahlil qilganim imtihonda yaxshi natijaga erishishimga sabab boʻlgan”, — deydi Gulzoda.

 

Uning fikricha, test savollari unchalik kutilganidan qiyin boʻlmagan. Biroq maktab darslari bilan birga sertifikatga tayyorgarlik olib borish biroz qiyinchilik tugʻdirgan. Shu sabab u erta turish va kech uxlashga majbur boʻlgan.

 

“Baʼzida charchoq boʻlgan, lekin “Bugungi qiyinchiliklar ertangi g‘alabalar va muvaffaqiyatlar poydevoridir” deb oʻqishda davom etganman. Bunday paytlarda ota-onam va ustozlarim meni doim qoʻllab-quvvatlab turishgan. Insonda oʻziga ishonch ham boʻlishi kerak. Testda yuqori ball olish uchun avval savollarni oʻqib yaxshi tushunib olish, soʻngra yaqqol koʻrinib turgan notoʻgʻri variantlarni chiqarib yuborish kerak”, — deydi Gulzoda.

 

Gulzoda telefon va ijtimoiy tarmoqlarni toʻliq chalgʻituvchi vosita deb hisoblamaydi. Aksincha, u ulardan oʻquv vositasi sifatida foydalangan.

 

“Men telefon va ijtimoiy tarmoqlar oʻquvchini chalgʻitadi deb oʻylamayman. Oʻqishni maqsad qilgan oʻquvchilar bu kabi narsalarga chalgʻimaydi. Men fanlarni puxta oʻzlashtirish uchun telefondan yordamchi vosita sifatida foydalanganman. Ijtimoiy tarmoqlar orqali kerakli maʼlumotlarni olganman va video darslar koʻrganman. Ayniqsa, ingliz tilida listening oshishida telefon muhim oʻrin tutgan”, — deydi u.

 

Tengdoshlariga esa u ilm olish uchun harakatdan toʻxtamasliklarini, doimiy mehnat qilish, toʻgʻri ustoz tanlashni hamda berilgan topshiriqlarni oʻz vaqtida bajarib borishlarini tavsiya qiladi.

 

Ayni paytda Gulzoda IELTS sertifikatini olish uchun tayyorgarlik koʻrmoqda va kelajakda xorijiy universitetlarda oʻqishni maqsad qilgan.

 

Avvalroq, Buxoro viloyatining Jondor tumanidagi 33-umumiy o‘rta ta’lim maktabi 10-sinf o‘quvchisi Jumayev Sherzod bir nechta fanlardan milliy sertifikatlarni qoʻlga kiritganligi haqida xabar bergan edik.