3 urinishdan so‘ng A natija: buxorolik 10-sinf o‘quvchisi milliy sertifikatlarga ega bo‘ldi

3 urinishdan so‘ng A natija: buxorolik 10-sinf o‘quvchisi milliy sertifikatlarga ega bo‘ldi

Buxoro viloyatining Jondor tumanidagi 33-umumiy o‘rta ta’lim maktabi 10-sinf o‘quvchisi Jumayev Sherzod bir nechta fanlardan milliy sertifikatlarni qoʻlga kiritdi. Mazkur natijalar unga muddatidan oldin talaba boʻlish imkoniyatini bermoqda.

 

Sherzod kelgusida shifokor boʻlishni maqsad qilgan va Buxoro davlat universitetiga hujjat topshirishni rejalashtirmoqda.

 

Talimxabarlari.uz sayti muxbiri mazkur oʻquvchi bilan imtihonga tayyorgarlik jarayoni haqida suhbatlashdi. U kimyo fanidan A+, biologiya fanidan A, oʻzbek tili va adabiyoti B, matematika hamda tarix fanlaridan esa C+ darajali milliy sertifikatlarni qoʻlga kiritgan.

 

Sherzodning aytishicha, milliy sertifikatga topshirish g‘oyasi 7-sinfdan boshlangan biologiya va kimyo fanlariga bo‘lgan qiziqishi bilan bog‘liq. Dastlab bu tizimga ishonchsizlik bilan qaragan bo‘lsa-da, ustozlari va kursdoshlarining natijalarini ko‘rgach, o‘zi ham sinab ko‘rishga qaror qilgan.

 

“Ustozim va kursdoshlarim topshirib, natija olishgach, menda ham ishonch paydo bo‘ldi va men ham tayyorlana boshladim”, — deydi u.

 

Tayyorgarlik jarayoni esa oson kechmagan. Sherzod har kuni erta tong soat 5 dan uyg‘onib darslarga tayyorlanganini, yakshanba kunlari esa 8:00 dan 18:00 gacha qo‘shimcha mashg‘ulotlarda qatnashganini aytadi.

 

Kimyo faniga 2,5 yil, biologiyaga 3 yil vaqt sarflangan bo‘lsa, tarix faniga 5 oy, ona tili va matematikaga esa taxminan 1 oy tayyorgarlik ko‘rilgan.

 

Eng qiyin jarayon Sherzod uchun biologiya fani bilan bog‘liq bo‘lgan. U ushbu fan bo‘yicha uch marta imtihon topshirib, dastlab B+, keyinchalik B, oxir-oqibat esa A natijasiga erishgan.

 

“Biologiya eng qiyin fan bo‘ldi, bir necha bor qayta topshirishga to‘g‘ri keldi. Oxir-oqibat A darajaga erishdim”, — deydi u.

 

10-sinfda u dastlab 189 ball to‘plashni maqsad qilgan va sertifikatlarni tarix, matematika hamda ona tili fanlari ketma-ketligida olishni rejalashtirgan. Biroq matematika imtihoni may oyida o‘tkazilmasligi sababli rejalari o‘zgaradi.

 

“Biologiya ustozim matematika uchun to‘lovni o‘zim qilaman, sen topshir, deganlaridan keyin ro‘yxatga olish tugashiga bir kun qolganida tavakkal ro‘yxatdan o‘tdim. Ona tili imtihonidan so‘ng, matematikaga tayyorlana boshladim, lekin imtihongacha atigi ikki hafta vaqt bor edi. Shu ikki hafta ichida yaxshigina qiynaldim”, — deya eslaydi Sherzod.

 

Sherzodning aytishicha, sertifikat olish jarayonidagi eng katta qiyinchilik uyqudan voz kechish bo‘lgan. Shu bilan birga, u maktab darslari va qo‘shimcha tayyorgarlikni birga olib borishga muvaffaq bo‘lgan.

 

8-sinfdan boshlab olimpiadalarda ishtirok etib kelgani ham unga yordam bergan. U Al-Xorazmiy nomidagi aniq va tabiiy fanlar olimpiadasida tumanda 1-o‘rin, viloyatda esa 2-o‘rinni qo‘lga kiritgan.

 

“Shu sababli maktab darslaridan ayrim fanlardan ruxsat berilgan edi. Bo‘sh qolgan vaqtlarimda biologiya kabinetida olimpiada bahona milliy sertifikat imtihoniga tayyorlanardim. Shuningdek, men kimyo va matematika fanlarini ko‘proq video darsliklar orqali, biologiya, tarix va ona tili fanlarini esa test ishlash orqali bilimlarimni mustahkamlab borganman”, — deydi u.

 

Uning fikricha, imtihonlarda hayajon katta bo‘lmagan, bunga avvalgi olimpiadalar tajribasi yordam bergan. Biroq biologiya fanini qayta-qayta topshirish jarayonida biroz ruhiy bosim sezilgan.

 

“Natijalar yaxshi chiqmay qolarmikan degan xavotir bo‘lgan, lekin oxir-oqibat yaxshi natijaga erishdim”, — deydi u.

 

Telefon va ijtimoiy tarmoqlar masalasida esa Sherzod 9-sinfgacha telefon ishlatmaganini, keyinchalik ham ularga unchalik qiziqmaganini aytadi.

 

Uning fikricha, muvaffaqiyatga erishishda eng muhim omillardan biri — o‘zini kuchliroq o‘quvchilar bilan solishtirish va doimiy raqobatdir.

 

“Sertifikat olishni istagan tengdoshlarimga kuchliroq o‘quvchilar bilan birga o‘qishni maslahat beraman. Men ham o‘zimni partdoshim bilan solishtirib, ko‘proq harakat qilganman”, — deydi Sherzod.

 

Avvalroq, 4 fandan A darajali milliy sertifikatni olib, muddatidan oldin 189 ball to‘plagan buxorolik o‘quvchi bilan suhbat qilgan edik.