Surxondaryoda maktab direktori farroshlikka ishga kiritish uchun pora olayotganda ushlandi

Surxondaryoda maktab direktori farroshlikka ishga kiritish uchun pora olayotganda ushlandi

Surxondaryo viloyatida maktab direktorining fuqaroni ishga joylashtirish evaziga pora talab qilgani aniqlandi. U 1 900 dollar va 1,2 mln so‘mni olayotgan vaqtda ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

 

Surxondaryo viloyati Qumqo‘rg‘on tumanidagi 83-maktab direktori fuqaroni farrosh lavozimiga ishga qabul qilish evaziga pora talab qilganligi aniqlandi. U kelishilgan pulni olayotgan vaqtda huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari tomonidan ushlangan.

 

Tergov hujjatlarida keltirilishicha, maktab direktori o‘z xizmat mavqeyidan foydalanib, fuqaroni 0,5 shtat birligida farrosh lavozimiga ishga qabul qilish evaziga 1 500 AQSH dollari talab qilgan.

 

Shuningdek, u keyinchalik tuman maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limidagi tanishlari orqali qo‘shimcha 0,25 shtat birligi ajratib berishni va’da qilgan. Buning uchun mas’ul shaxslarga pora berish kerakligini aytib, fuqarodan yana 500 AQSH dollari so‘ragan.

 

Surxondaryoda maktab direktori farroshlikka ishga kiritish uchun pora olayotganda ushlandi

 

Maktab direktori Qumqo‘rg‘on tumani hududidan o‘tuvchi avtomobil yo‘lida arizachidan kimyoviy ishlov berilgan 1 900 AQSH dollari va 1 mln 200 ming so‘mni olayotgan vaqtida ushlangan. Holat Departamentning Termiz shahar bo‘limi va Surxondaryo viloyati IIB xodimlari tomonidan aniqlangan.

 

Sud hujjatida qayd etilishicha, sud majlisida sudlanuvchi o‘ziga qo‘yilgan ayblovga iqror bo‘lgan.

 

Avvalroq, Surxondaryoda bog‘cha direktori ishga qabul qilish evaziga 500 dollar olgani uchun ozodlikdan mahrum qilingani haqida xabar berilgandi.