Farg‘onada attestatsiya savoli imtihondan olib chiqilib, tarqatilgani aniqlandi

Farg‘onada attestatsiya savoli imtihondan olib chiqilib, tarqatilgani aniqlandi

Ijtimoiy tarmoqlarda pedagoglarning malaka (toifa) sinovlarida test savollari suratga olinib, tashqariga olib chiqilgani haqida xabarlar tarqaldi. Pedagogik mahorat va xalqaro baholash ilmiy-amaliy markazi rasmiy munosabat bildirib, suratga olingan savollar keyingi sinovlarda takroran qo‘llanilmaganini ma’lum qildi.

 

Kuni kecha ijtimoiy tarmoqlarda pedagoglarning malaka (toifa) sinovlarida test savollari suratga olinib, tashqariga olib chiqilgani haqida xabarlar tarqaldi.

 

Mazkur xabarlar yuzasidan Pedagogik mahorat va xalqaro baholash ilmiy-amaliy markazi rasmiy munosabat bildirdi. Markaz xabarlar yuzasidan o‘rganish o‘tkazilgani ma’lum qildi.

 

O‘rganish davomida Farg‘ona viloyatidagi 26-sonli umumta’lim maktabi o‘qituvchisi X.N.K. ruxsat etilmagan maxsus qurilma yordamida test savollarini suratga olib, tashqariga olib chiqqani aniqlangan.

 

Ishtirokchi 27-oktyabr kuni soat 12:19 da sinovga kirgan va soat 14:04 da imtihon hududidan chiqqan. U jami 26 ball to‘plagan.

 

Markaz ma’lumotiga ko‘ra, platformaga kunlik savollar bazasi yuklanadi va tizim ushbu baza asosidagi test variantlarini belgilangan vaqt oralig‘ida avtomatik ravishda yangilab turadi. Yangilanishdan so‘ng avvalgi variantlardagi savollar takroran berilmaydi.

 

Mazkur kuni test variantlari soat 13:00 da yangilangan. O‘rganish davomida suratga olingan savollar keyingi sinovlarda takroran qo‘llanilmagani tasdiqlangan. Shu sababli ushbu holat keyingi sinov jarayonlariga salbiy ta’sir ko‘rsatmagan.