Davlat bog‘chasiga navbatda turish: onlayn ariza topshirish bo‘yicha yo‘riqnoma

Davlat bog‘chasiga navbatda turish: onlayn ariza topshirish bo‘yicha yo‘riqnoma

O‘zbekistonda bolani davlat maktabgacha ta’lim tashkilotiga navbatga qo‘yish uchun arizani uydan chiqmasdan, bepul topshirish mumkin.

 

Davlat bog‘chasiga bolani onlayn ariza orqali navbatga qo‘yish mumkin. Buning uchun my.gov.uz portali yoki MyGov mobil ilovasidan foydalanish kifoya.

 

Ariza topshirish uchun Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalidagi “Bolani davlat maktabgacha ta’lim muassasasiga joylashtirish uchun ariza berish” xizmatini tanlash, farzand, bog‘cha va mavjud imtiyozlar haqidagi ma’lumotlarni kiritish hamda arizani yuborish kerak. Shundan so‘ng arizachiga besh xonali kod beriladi. Navbat kelgach, bola uchun yo‘llanma shakllantiriladi.

 

Xizmatdan foydalanish bepul bo‘lib, ariza topshirish uchun hujjat talab etilmaydi. Ota-onalar bir vaqtning o‘zida 3 tagacha davlat bog‘chasiga navbatga turishlari mumkin. Buning uchun har bir bog‘chaga alohida ariza yuborish lozim.

 

Kimlarga imtiyoz beriladi?

 

Ayrim toifadagi bolalar uchun navbatga qo‘yishda imtiyozlar belgilangan. Jumladan, yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar, nogironligi bo‘lgan shaxslarning farzandlari, “Ayollar daftari”ga kiritilgan ayollarning bolalari, kam ta’minlangan hamda to‘rt va undan ortiq farzandi bor oilalarning bolalari shular jumlasidandir.

 

Ariza holati va navbatni my.gov.uz portalidagi shaxsiy kabinetning “Mening oilam” bo‘limi orqali kuzatib borish mumkin.

 

Yo‘llanma shakllangach, belgilangan muddatni o‘tkazib yubormaslik muhim. Dastlabki 15 ish kuni ichida bolani tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish, portal orqali tibbiy ma’lumotnoma shakllanganini tekshirish, bog‘chaga tashrif sanasini tanlash va belgilangan kuni maktabgacha ta’lim tashkilotiga borish kerak. Bunda berilgan besh xonali tasdiqlash kodini bog‘cha mudirasiga taqdim etish lozim.