“Prezident sovg‘asi” to‘plamiga yana nimalar kiritish kerakligi bo‘yicha so‘rovnoma o‘tkazilmoqda

“Prezident sovg‘asi” to‘plamiga yana nimalar kiritish kerakligi bo‘yicha so‘rovnoma o‘tkazilmoqda

1-sinf o‘quvchilariga beriladigan “Prezident sovg‘asi” to‘plamini shakllantirish bo‘yicha ota-onalar o‘rtasida so‘rovnoma o‘tkazilmoqda. Unda sovg‘a to‘plamiga bolalar maktabda har kuni foydalanishi uchun yana qanday buyumlarni kiritish mumkinligi yuzasidan taklif bildirish mumkin.

 

Ta’lim va ilm-fan vazirligi tomonidan yangi o‘quv yilida 1-sinf o‘quvchilariga topshiriladigan “Prezident sovg‘asi” to‘plamini shakllantirish maqsadida ota-onalar uchun so‘rovnoma tashkil etildi.

 

So‘rovnomada ota-onalar farzandlari maktabda har kuni foydalanishi uchun sovg‘a to‘plamiga yana qanday buyumlarni kiritish mumkinligi haqida o‘z takliflarini bildirishlari mumkin.

 

Takliflar 3-noyabrga qadar ushbu havola orqali qabul qilinadi.

 

Ma’lumot uchun, 1-sinf o‘quvchilari uchun tayyorlangan “Prezident sovg‘asi” to‘plami 12 nomdagi o‘quv qurolidan iborat.

 

Unga o‘quv sumkasi, daftarlar, ruchka, oddiy va rangli qalamlar, rangli qog‘oz, plastilin, rasm daftari, o‘chirg‘ich, akvarel bo‘yoqlari, yelim va qalamdon kiritilgan.

 

Eslatib o‘tamiz, avvalroq 1-sinf o‘quvchilari uchun tarqatilgan o‘quv qurollaridan ortib qolgan qismi keyingi o‘quv yilida ham foydalanilishi haqida xabar bergan edik. Bunda yaroqlilik muddati tugashiga yaqin bo‘lgan o‘quv qurollari esa davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarining majburiy maktabga tayyorlov guruhlariga bepul ajratiladi.