“El-yurt umidi” jamg‘armasi 2026-yil uchun ikkinchi ochiq stipendiya tanlovini e’lon qildi. Tanlov doirasida xorijiy universitetlarda bakalavriat, magistratura va doktorantura dasturlarida tahsil olish uchun stipendiyalar ajratiladi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Istiqbolli kadrlarni tayyorlash bo‘yicha “El-yurt umidi” jamg‘armasi 2026-yilgi ikkinchi ochiq stipendiya tanlovini e’lon qildi.
Jamg‘arma boshqaruv kengashining tegishli qaroriga muvofiq, tanlov nufuzli xorijiy universitetlarning bakalavriat, magistratura va doktorantura dasturlarida ta’lim olish istagidagi nomzodlar uchun tashkil etilmoqda.
Tanlovda ishtirok etish uchun hujjatlar 2026-yil 1-noyabrdan 15-noyabrga qadar qabul qilinadi. 15-noyabr kuni ham soat 23:59 ga qadar hujjat topshirish mumkin.
Arizalar jamg‘armaning maxsus onlayn platformasi orqali qabul qilinadi.
Prezidentning 2025-yil 5-maydagi PF-77-sonli farmonida ‘‘El-yurt umidi’’ stipendiyasini olish tartibi, shartlari hamda afzalliklari haqida belgilangan.
Unga ko‘ra, ochiq stipendiya tanlovi kalendar yil davomida davriy ravishda, qoida tariqasida, bir yilda kamida ikki marotaba oʻtkaziladi. Tanlov haqida e’lon hujjatlarni qabul qilish boshlanishidan kamida bir hafta oldin ommaviy axborot vositalari va Jamg‘armaning rasmiy veb-saytida e’lon qilinadi.
Kimlar ishtirok etishi mumkin?
O‘zbekiston fuqarolari ish yoki o‘qish joyidan qat’i nazar, “El-yurt umidi” stipendiyasi uchun ochiq tanlovda ishtirok etishi mumkin.
Nomzodlar ta’lim bosqichiga qarab quyidagi yosh chegaralariga javob berishi kerak:
— bakalavriat uchun — 30 yoshdan katta bo‘lmasligi;
— magistratura uchun — 22 yoshdan kichik va 40 yoshdan katta bo‘lmasligi;
— doktorantura uchun — 25 yoshdan kichik va 45 yoshdan katta bo‘lmasligi.
Magistraturaga hujjat topshirayotgan nomzod kamida 1 yil, doktoranturaga topshirayotgan nomzod esa kamida 2 yil mehnat stajiga ega bo‘lishi kerak.
Bundan tashqari, magistratura va doktorantura uchun nomzoddan tegishli oliy ma’lumot talab etiladi. Bakalavriat uchun esa bu talab qo‘llanmaydi.
Qanday hujjatlar talab qilinadi?
Barcha ta’lim dasturlari uchun nomzodlar, jumladan, quyidagi hujjatlarni taqdim etadi:
— ariza;
— pasport yoki ID-karta nusxasi;
— xorijiy tilni bilish darajasini tasdiqlovchi xalqaro sertifikat;
— xorijiy ta’lim yoki ilmiy muassasaga qabul qilinganlik yoki shartli qabul qilinganlik to‘g‘risidagi hujjat;
— shaxsiy, akademik va kasbiy muvaffaqiyatlar to‘g‘risidagi ma’lumotnoma.
Bakalavriatga topshiruvchilar attestat yoki tegishli diplom hamda motivatsion esse taqdim etadi.
Magistratura va doktorantura uchun esa diplom, mehnat faoliyatiga oid hujjatlar, ilmiy maqolalar ro‘yxati hamda motivatsion esse talab qilinadi. Doktorantura nomzodlari bundan tashqari ilmiy tadqiqotining dolzarbligi haqida tavsiya xatini ham taqdim etadi.
Xorijiy til sertifikati bo‘yicha bakalavriat uchun IELTS Academic sertifikati bo‘yicha kamida 6 ball, magistratura va doktorantura uchun esa kamida 7 ball talab etiladi. Boshqa xalqaro imtihon tizimlarining shunga teng darajadagi sertifikatlari ham qabul qilinadi.
Biroq xorijiy ta’lim, ilmiy yoki boshqa muassasaga shartsiz qabul qilinganligi to‘g‘risidagi taklifnoma-xatni taqdim etgan nomzoddan xalqaro til sertifikati talab qilinmaydi.
Tanlov qanday o‘tkaziladi?
“El-yurt umidi” stipendiyasi uchun tanlov 6 bosqichda o‘tkaziladi:
- hujjatlarni o‘rganish;
- reytingning eng yuqori 100 taligidagi universitetlarga to‘liq grant asosida qabul qilingan nomzodlar orasidan imtihonsiz g‘oliblarni aniqlash;
- reytingning eng yuqori 300 taligidagi universitetlarga to‘liq grant asosida qabul qilingan nomzodlar orasidan imtihonsiz g‘oliblarni aniqlash;
- QS reytingining eng yuqori 20 taligidagi universitetlarga qisman grant asosida qabul qilingan Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablari bitiruvchilari orasidan imtihonsiz g‘oliblarni aniqlash;
- test sinovi;
- suhbat.
Test bosqichida kamida 61 ball olgan nomzodlar suhbatga o‘tkaziladi. Suhbatda ham 100 balldan kamida 61 ball olgan nomzod “suhbatdan o‘tgan” deb e’tirof etiladi.
Stipendiyaning qanday majburiyatlari borligi hamda nimalarni qoplashi haqida quyidagi havola orqali batafsil bilib olishingiz mumkin.
