O‘zbekistonda eng ko‘p qaysi xorijiy davlat fuqarolari tahsil olmoqda?

O‘zbekistonda eng ko‘p qaysi xorijiy davlat fuqarolari tahsil olmoqda?

O‘zbekiston oliy ta’lim tashkilotlarida 50 dan ortiq davlatdan kelgan 24 647 nafar xorijiy talaba tahsil olmoqda. Ularning yarmidan ko‘prog‘ini Hindiston fuqarolari tashkil etadi.

 

Taʼlim sifatini taʼminlash milliy agentligi tomonidan e’lon qilingan axborot-tahliliy sharhiga ko‘ra, O‘zbekiston oliy ta’lim tashkilotlarida xorijiy talabalar soni 24 647 nafarni tashkil qiladi.

 

Xorijiy talabalar orasida eng ko‘p Hindiston fuqarolari qayd etilgan — 13 060 nafar. Bu jami xorijiy talabalar sonining yarmidan ko‘prog‘ini tashkil qiladi. Keyingi o‘rinlarda Turkmaniston – 4 884 nafar, Pokiston – 1 165 nafar ва Qozog‘iston – 1 129 nafar qayd etilgan.

 

O‘zbekistonda eng ko‘p qaysi xorijiy davlat fuqarolari tahsil olmoqda?
Xorijiy talabalarning fuqaroligi boʻyicha eng yuqori koʻrsatkichga ega davlatlar va toifalar taqsimoti, 2025-yil (nafar)

 

Xorijiy talabalar eng ko‘p tibbiyot yo‘nalishlarida tahsil olmoqda. Ushbu toifadagi oliy ta’lim tashkilotlarida 15 656 nafar xorijiy talaba bor. Bu jami xorijiy talabalar sonining qariyb uchdan ikki qismiga teng.

 

Xalqaro reytinglarning TOP-1000 taligiga kiruvchi mahalliy universitetlarda 4 846 nafar, ijtimoiy-gumanitar yo‘nalishdagi OTMlarda 3 211 nafar, amaliy yo‘nalishdagi OTMlarda 680 nafar, ijodiy va sport yo‘nalishlarida esa 70 nafar xorijiy talaba tahsil olmoqda.

 

Tibbiyot yo‘nalishlaridagi xorijiy talabalar tarkibida Janubiy Osiyo davlatlari fuqarolari katta ulushga ega. Xususan, mazkur toifadagi 15 656 nafar xorijiy talabaning 14 070 nafari ushbu davlatlar guruhiga mansub.

 

Xorijiy talabalar soni bo‘yicha Toshkent shahri yetakchi. Poytaxtdagi oliy ta’lim tashkilotlarida 11 556 nafar, ya’ni mamlakatdagi jami xorijiy talabalarning 46,9 foizi tahsil olmoqda.

 

Keyingi o‘rinlarda:

 

  • Samarqand viloyati — 4 382 nafar;
  • Buxoro viloyati — 2 879 nafar;
  • Farg‘ona viloyati — 1 809 nafar;
  • Andijon viloyati — 1 495 nafar;
  • Xorazm viloyati — 1 407 nafar.

 

Mazkur olti hududda jami 23 528 nafar xorijiy talaba tahsil olmoqda. Bu respublikadagi umumiy xorijiy talabalar kontingentining 95,5 foizini tashkil etadi.

 

Qolgan hududlarda xorijiy talabalar soni nisbatan kam. Jumladan, Surxondaryoda 394 nafar, Toshkent viloyatida 183 nafar, Namanganda 176 nafar, Sirdaryoda 141 nafar, Navoiyda 114 nafar, Qashqadaryoda 72 nafar, Jizzaxda 23 nafar va Qoraqalpog‘istonda 16 nafar xorijiy talaba qayd etilgan.

 

Xorijiy talabalarning asosiy qismi davlat oliy ta’lim tashkilotlarida tahsil olmoqda. Ularning soni 22 685 nafar bo‘lib, jami xorijiy talabalar kontingentining 92 foizini tashkil etadi.

 

Nodavlat OTMlarda 1 468 nafar (6 foiz), xorijiy universitetlar filiallarida esa 494 nafar (2 foiz) xorijiy talaba o‘qimoqda.

 

Tahlilga ko‘ra, xorijiy talabalarning asosiy qismi 21–25 va 17–20 yosh guruhlariga to‘g‘ri keladi. 21–25 yoshdagilar 12 691 nafar (51,5 foiz), 17–20 yoshdagilar esa 8 787 nafar (35,7 foiz)ni tashkil etadi.

 

O‘zbekistonda eng ko‘p qaysi xorijiy davlat fuqarolari tahsil olmoqda?
Xorijiy talabalarning yosh va gender tarkibi boʻyicha taqsimoti, 2025 yil (nafar)

 

Shunday qilib, xorijiy talabalarning 87,2 foizi 17–25 yosh oralig‘ida. Umumiy tarkibda 12 101 nafar ayol va 12 546 nafar erkak talaba qayd etilgan.

 

Umuman, tahlil O‘zbekiston oliy ta’lim tizimida xorijiy talabalar oqimi asosan Janubiy Osiyo va Markaziy Osiyo davlatlari hisobiga shakllanayotganini ko‘rsatmoqda. Hindiston fuqarolarining yuqori ko‘rsatkichi esa, avvalo, mamlakatdagi tibbiyot ta’limiga bo‘lgan xalqaro talab bilan bog‘liq ekani qayd etilgan.

Bilimni baholash agentligi

AI bot abituriyentlarga yo'nalish tanlashga yordam beradi

Bilim va malakalarni baholash agentligi ma'lumotlari asosida.

Telegram'da ochish