Baxmal tumanida maktab va bog‘cha xodimlaridan xayriya hashari uchun ish haqidan bir kunligi ushlab qolish to‘g‘risida ariza majburlab olinayotgani haqida ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabarlarga Jizzax viloyati MMTB rasmiy munosabat bildirdi. Tashkilot o‘rganishlar natijasida bunday holatning mavjud emasligini ta’kidladi va noqonuniy pul yig‘imlariga qat’iy taqiq qo‘yilganini eslatdi.
Ijtimoiy tarmoqlarda Baxmal tumanida maktab va bogʻcha xodimlarining 13-14-may kunlari boʻlib oʻtadigan xayriya hashari uchun ish haqidan bir kunlik ish haqqini ushlab qolish toʻgʻrisida arizasini majburlab olinayotgani haqida xabar tarqaldi.
Ushbu masala yuzasidan Jizzax viloyati MMTB rasmiy munosabat bildirdi.
Unga koʻra, ushbu holat yuzasidan MMTB va tegishli tashkilotlar hamkorligida oʻrganish oʻtkazilgan va xodimlardan pul mablagʻi ushlab qolinmaganligi aniqlangan.
Shu kabi tizimda noqonuniy pul yigʻimlariga yoʻl qoʻymaslikka qatʼiy ogohlantirilgan.
“Shu oʻrinda umumiy oʻrta taʼlim maktablari hamda maktabgacha taʼlim tashkilotlarida taʼmirlash ishlari, moddiy-texnik bazani mustahkamlash, turli tadbir va bayramlarni tashkil etish bahonasida ota-onalardan va pedagoglardan noqonuniy mablagʻ yigʻish qatʼiyan man etilishini yana bir bor eslatib oʻtamiz. Mazkur talablarni buzgan, yaʼni pul yigʻish holatlariga yoʻl qoʻygan mansabdor shaxslar amaldagi qonunchilikka muvofiq javobgarlikka tortiladi” — deyiladi xabarda.
Shuningdek fuqarolardan agar taʼlim muassasalarida noqonuniy pul yigʻish bilan bogʻliq holatlarga duch kelsa yoki bu haqda maʼlumotga ega boʻlsa, quyidagi aloqa vositalari orqali xabar berishlari soʻralgan:
Ishonch telefoni: +998722228786
Telegram bot: @JizzaxVMMTB_murojaatlar_bot
Avvalroq, Samarqandda maktablarni ta’mirlash uchun ota-onalardan pul yig‘ilayotgani haqida xabar bergan edik.
