O‘zbekistonda oliy ta’lim tizimida qancha oliygoh, talaba hamda professor-o‘qituvchi bor?

O‘zbekistonda oliy ta’lim tizimida qancha oliygoh, talaba hamda professor-o‘qituvchi bor?

2025/2026-o‘quv yili boshiga kelib O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan oliy ta’lim tashkilotlari soni 215 tani tashkil etgan. Ularda tahsil olayotgan talabalar soni 1 million 535 ming nafar, professor-o‘qituvchilar soni esa 54,9 ming nafarni tashkil etadi.

 

Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025/2026 o‘quv yili boshida O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan oliy ta’lim tashkilotlari soni 215 tani tashkil etgan. Ularning soni avvalgi o‘quv yili boshiga nisbatan 7 taga kamaygan. Nodavlat oliy ta’lim tashkilotlari soni 97 tani tashkil etgan.

 

Hududlar kesimida eng ko‘p oliy ta’lim tashkiloti Toshkent shahrida faoliyat yuritmoqda. Poytaxtda 98 ta OTM mavjud bo‘lib, bu respublikadagi jami oliy ta’lim muassasalarining 45,6 foiziga teng hisoblanadi.

 

Keyingi o‘rinlarda Toshkent viloyati (19 ta) va Samarqand viloyati (14 ta) qayd etilgan. Eng kam ko‘rsatkich esa Sirdaryo viloyatida kuzatilib, bu hududda 3 ta oliy ta’lim tashkiloti faoliyat yuritmoqda.

 

Shuningdek, nodavlat oliy ta’lim tashkilotlarining eng ko‘p soni Toshkent shahrida (56 ta), Buxoro va Toshkent viloyatlarida (har birida 7 tadan) qayd etilgan. Eng past ko‘rsatkichlar esa Jizzax, Namangan viloyatlari va Qoraqalpog‘iston Respublikasida (har birida 2 tadan) kuzatilgan, Samarqand va Sirdaryo viloyatlarida esa ular mavjud emas.

 

2025/2026-o‘quv yili boshiga mamlakatdagi oliy ta’lim tashkilotlarida tahsil olayotgan talabalar soni 1 million 535 ming nafarga yetgan. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilga nisbatan 102,2 ming nafarga yoki 7,1 foizga ko‘pdir.

 

Talabalarning 782,9 ming nafari qizlar, 752,1 ming nafari esa yigitlardir. Shu tariqa talabalar umumiy sonida qizlarning ulushi 51 foizni, o‘g‘il bolalarning ulushi esa 49 foizni tashkil etgan.

 

Eng ko‘p talabalar Toshkent shahrida tahsil olmoqda. Poytaxtdagi talabalar soni 579,3 ming nafarga yetgan bo‘lib, bu respublikadagi jami talabalarning qariyb 38 foiziga tengdir.

 

2025-yilda oliy ta’lim tashkilotlarini 225,9 ming nafar talaba tamomlagan. Bu ko‘rsatkich 2024-yilga nisbatan 7 foizga ko‘pdir.

 

Shuningdek, professor-o‘qituvchilar sonida ham o‘sish kuzatilgan. 2025/2026-o‘quv yili boshiga OTMlarda 54,9 ming nafar professor-o‘qituvchi faoliyat yuritmoqda.

 

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Talimxabarlari.uz tomonidan oliy ta’lim tizimidagi murojaatlar tahliliga oid material e’lon qilingan edi.