The Center for World University Rankings (CWUR) tomonidan 2026-yil uchun Global 2000 universitetlar reytingi e’lon qilindi. Reytingda 21 291 ta oliy ta’lim muassasasi baholanib, eng yuqori natija ko‘rsatgan 2000 ta universitet saralab olingan. O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalari esa ushbu ro‘yxatdan o‘rin olmadi.
The Center for World University Rankings (CWUR) tomonidan 2026-yil uchun Global 2000 universitetlar reytingi e’lon qilindi. Reytingda dunyoning 21 291 ta oliy ta’lim muassasasi baholanib, eng yaxshi 2000 ta universitet saralab olingan.
CWUR (Center for World University Rankings) 2012-yildan buyon universitetlarni so‘rovnomalar yoki oliygohlar tomonidan taqdim etiladigan ma’lumotlarga tayanmasdan, faqat natijalarga asoslangan ko‘rsatkichlar orqali, to‘rtta asosiy mezon bo‘yicha baholaydi:
— ta’lim sifati (25%);
— ishga joylashish imkoniyati (25%);
— professor-o‘qituvchilar sifati (10%);
— ilmiy tadqiqotlar (40%).
Joriy yilgi reyting uchun natijalarga asoslangan 81 milliondan ortiq ma’lumotlar tahlil qilingan.
2026-yil TOP-10 universitetlar:
1. Harvard University
2. Massachusetts Institute of Technology (MIT)
3. Stanford University
4. University of Cambridge
5. University of Oxford
6. Princeton University
7. University of Pennsylvania
8. Columbia University
9. Yale University
10. University of Chicago
Reyting natijalariga ko‘ra, Xitoy 360 ta universitet bilan eng ko‘p vakillikka ega davlat bo‘lgan. AQShdan 313 ta, Yaponiya 102 ta, Buyuk Britaniya 89 ta, Fransiya 71 ta va Rossiya 42 ta universitet Global 2000 ro‘yxatidan o‘rin olgan.
Markaziy Osiyo davlatlari orasida 2026-yilgi reytingda faqat Qozog‘istonning Nazarbayev University universiteti qayd etilgan. U 1451-o‘rinni egallagan.
Eslatib o‘tamiz, 2025-yilgi reytingda ham Markaziy Osiyodan faqat ushbu universitet ro‘yxatga kirgan bo‘lib, 1540-o‘rinni egallagan edi.
O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalari esa 2026-yilgi Global 2000 ro‘yxatidan o‘rin olmadi.
Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda 2025/2026-o‘quv yili boshiga kelib 215 ta oliy ta’lim tashkiloti faoliyat yuritmoqda. Ularda 1,5 milliondan ortiq talaba tahsil oladi, professor-o‘qituvchilar soni esa 54,9 ming nafardan oshadi.
Avvalroq, O‘zbekistondan bir qator iqtidorli o‘quvchilarning mazkur reytingda keltirilgan universitetlarga grant asosida o‘qishga qabul qilingani haqida xabar berilgan edi. Jumladan, Farg‘ona shahridagi Prezident maktabining 11-sinf o‘quvchisi Sobirova Dilafruz Salohiddin qizi AQShning nufuzli Garvard universitetiga, shuningdek, Muhammad al-Xorazmiy nomidagi ixtisoslashtirilgan maktabining o’quvchilari Elbek Zohidjonov va Asilbek Sunnatov Massachusetts Institute of Technology (MIT) universitetiga 100% lik grant asosida o’qishga qabul qilingan.
