Buxoro viloyati Qorovulbozor tumanida 8-sinf o‘quvchisi Raimov Afruz Suxrobovich ingliz tilidan C1 darajali sertifikatni qo‘lga kiritdi. Bu natija nafaqat uning shaxsiy yutug‘i, balki olis hududdagi o‘quvchilar ham katta maqsadlar sari intilib, yuqori natijalarga erisha olishini ko‘rsatadigan yorqin misollardan biridir.
Buxoro viloyati Qorovulbozor tumanidagi Ixtisoslashtirilgan maktabning 8-sinf o‘quvchisi Raimov Afruz Suxrobovich ingliz tilidan CEFR C1 darajali sertifikatni qo‘lga kiritdi.
Afruzning aytishicha, ingliz tili bo‘yicha bilimlarini darajasini tasdiqlash va kelajakdagi ta’lim imkoniyatlarini kengaytirish istagi uni CEFR sertifikatini olishga undagan.
Taxminan bir yil oldin CEFR olish haqida jiddiy o‘ylay boshladim. Ingliz tilidagi bilimlarimni sertifikat bilan tasdiqlash va kelajakda yanada katta imkoniyatlarga ega bo‘lishni maqsad qilgan edim, — deydi u.
Talimxabarlari.uz sayti muxbiri mazkur o‘quvchi bilan sertifikatga tayyorgarlik jarayoni va rejalari haqida suhbatlashdi.
Muntazam mehnat natija berdi
Yosh o‘quvchining ta’kidlashicha, u C1 darajasiga erishish uchun 8–10 oy davomida muntazam tayyorgarlik olib borgan. Har kuni ingliz tiliga kamida 2-3 soatdan vaqt ajratgan.
Listening mashqlarini bajarardim, ingliz tilidagi maqolalarni o‘qirdim, yangi so‘zlarni yodlardim. Writing va Speaking ko‘nikmalarini ham muntazam rivojlantirishga harakat qildim.
U tayyorgarlik jarayonida Multilevel darsliklari, CEFR mock testlari, YouTube videolari hamda speaking ko‘nikmasini rivojlantirishga mo‘ljallangan onlayn platformalardan keng foydalangan.
Men uchun eng qiyin qism speaking bo‘ldi. Bu ko‘nikma muntazam amaliyot va o‘z ustida ishlashni talab qiladi, — deydi u.
Shunga qaramay, muntazam mashqlar va amaliy suhbatlar orqali u bu qiyinchilikni yengishga muvaffaq bo‘lgan.
Listening’da muvaffaqiyat siri
Tinglab tushunish qismidan 75 ball olgan Afruzning fikricha, listening bo‘limida yuqori natija ko‘rsatish uchun audioni eshitishdan oldin savollar bilan tanishib chiqish juda muhim.
— Savollarni oldindan o‘qish, asosiy kalit so‘zlarni aniqlash va umumiy mazmunni tushunishga e’tibor qaratish kerak. Shunda to‘g‘ri javoblarni topish ancha osonlashadi. Ba’zan charchoq yoki tushkunlik bo‘lardi. Shunday paytlarda oldimga qo‘ygan maqsadimni eslab, erishgan kichik natijalarimni qadrlashga harakat qilardim. Eng muhimi, to‘xtab qolmaslik, — deydi u.
Eng ko‘p uchraydigan xatolar
Uning fikricha, imtihonda vaqtni noto‘g‘ri taqsimlash, savollarni diqqat bilan o‘qimaslik va writing qismida mavzudan chetga chiqish eng ko‘p uchraydigan xatolar hisoblanadi.
Muntazam o‘qish va amaliyot qilish eng muhim omil. Xatolardan qo‘rqmaslik, barcha ko‘nikmalar ustida birdek ishlash va o‘ziga bo‘lgan ishonchni yo‘qotmaslik kerak, — deydi Afruz.
Afruz kelajakda xalqaro grantlar asosida xorijda ta’lim olishni va ingliz tilidagi bilimlarini yanada rivojlantirishni rejalashtirmoqda.
Afruzni o‘qishlariga muvaffaqiyat tilab qolamiz!
Avvalroq, IELTS 7.5 va SAT 1520 sertifikatlarini qo‘lga kiritgan buxorolik 10-sinf o‘quvchisi Ibrohim Ismoilov bilan suhbatlashgan edik.
