Buxoro viloyati Jondor tuman ixtisoslashtirilgan maktabi 10-sinf o‘quvchisi Ibrohim Ismoilov IELTS 7.5 va SAT 1520 ballik sertifikatga ega bo‘ldi.
Buxoro viloyati Jondor tumanidagi ixtisoslashtirilgan maktabning 10-sinf o‘quvchisi Ibrohim Ismoilov IELTS imtihonidan 7.5 ball hamda SAT imtihonidan 1520 ball natijani qo‘lga kiritdi.
IELTS 7,5 ball (C1):
- Listening – 9.0
- Reading – 7.5
- Writing – 7.0
- Speaking – 6.5
O‘quvchi ingliz tilini 1-sinfdan boshlab o‘rganishni boshlagan. Keyinchalik matematika fanidan milliy sertifikat olish maqsadida bir muddat ingliz tilidagi tayyorgarligini to‘xtatgan. Milliy sertifikatni qo‘lga kiritgach esa yana ingliz tiliga qaytib, IELTS imtihoniga jiddiy tayyorlangan.
Talimxabarlari.uz sayti muxbiri mazkur o‘quvchi bilan sertifikatga tayyorgarlik jarayoni va rejalari haqida suhbatlashdi.
IELTS natijasini qo‘lga kiritgandan so‘ng unda xorijda ta’lim olish g‘oyasi shakllangan. Matematikadan bilimlari yaxshi bo‘lgani sababli SAT imtihoniga ham tayyorlanishga qaror qilgan.
11 oylik IELTS va 4,5 oylik SAT tayyorgarligi
U IELTS imtihoniga qariyb 11 oy davomida tayyorlangan. SAT imtihoniga esa mustaqil ravishda, ya’ni self-study orqali 4,5 oy davomida tayyorgarlik ko‘rgan.
Uning aytishicha, bu davrda deyarli barcha vaqtini dars qilishga sarflagan.
Ibrohimning ta’kidlashicha, IELTS imtihoniga tayyorgarlik ayniqsa imtihonga 1-2 oy qolganda ancha murakkablashgan. Barcha topshiriqlarni o‘z vaqtida bajarish va yuqori natijaga erishish uchun katta mehnat talab qilingan.
SAT imtihonida esa matematika qismi nisbatan yengilroq kechgan. Chunki u avval matematikadan A+ darajali milliy sertifikatni qo‘lga kiritgan edi. Shu sababli asosiy e’tiborni ingliz tili bo‘limiga qaratgan.
O‘qituvchisiz tayyorlanish boshida qiyin bo‘ldi. Hatto bir paytlar maqsadimdan voz kechgim ham kelgan. Ammo harakatni davom ettirdim va natijaga erishdim. IELTS uchun boshida Resource, Test Bank va ELS kitoblaridan boshlanĝich bilimlarni olib keyin internetdagi saytlardan practice qilganman. SAT uchun esa oneprep, playntest, flashsat kabi vebsaytlardan foydalanganman, — deydi Ibrohim.
Motivatsiya pasaygan paytlar ham bo‘lgan
IELTS tayyorgarligi vaqtida u writing va speaking bo‘limlarida uzoq vaqt o‘sish bo‘lmagani sababli motivatsiyasi pasaygan. SAT imtihoni uchun topshirilgan sinov testlarida kutilganidan past natijalar qayd etilganda ham o‘ziga bo‘lgan ishonchi susaygan.
Biroq ustozlari va ota-onasining qo‘llab-quvvatlashi unga bu qiyinchiliklarni yengib o‘tishga yordam bergan.
IELTS natijalari e’lon qilinganida Ibrohim avvaliga biroz tushkunlikka tushgan. Sababi u 8 ball olishni kutgan edi.
Keyin o‘ylab qarasam, 7.5 ball ham katta mehnat evaziga qo‘lga kiritilgan natija ekan. Shundan keyin xursand bo‘ldim. 1500 balldan yuqori natija chiqishini umuman kutmagandim. Shuning uchun juda xursand bo‘ldim, — deydi u.
Endi maqsad — dunyoning eng nufuzli universitetlari
Bugungi kunda Ibrohim xorijiy universitetlar haqida chuqurroq ma’lumot to‘plamoqda. U o‘ziga eng mos ta’lim maskanini tanlash va hujjat topshirishni rejalashtirmoqda.
Yosh o‘quvchi kelajakda Harvard, Stanford va CalTECh kabi dunyoning eng nufuzli universitetlarida tahsil olishni maqsad qilgan.
Ibrohimni o‘qishlariga muvaffaqiyat tilab qolamiz!
Avvalroq, IELTS 6,5 va SAT 1260 ballik sertifikatlarni olgan 6-sinf o‘quvchisi Shodiya Abdusattorova hamda SAT’dan 1260 ball olgan 9-sinf bitiruvchisi bilan suhbatlashgan edik.
