Ertadan kirish imtihonlari boshlanadi: imtihonlar bu yil ham onlayn translyatsiya qilinadimi?

Ertadan kirish imtihonlari boshlanadi: imtihonlar bu yil ham onlayn translyatsiya qilinadimi?

2026/2027-o‘quv yili uchun oliy ta’lim muassasalariga kirish test sinovlari ertaga, 14-iyuldan boshlanadi. Imtihon jarayonlarini test2026.uz sayti orqali jonli efirda kuzatib borish mumkin.

 

Xabaringiz bor, 14-iyuldan 2026/2027-o‘quv yili uchun oliy ta’lim muassasalariga kirish test sinovlari boshlanadi.

 

Test sinovlari 14–23-iyul kunlari respublika bo‘ylab o‘tkaziladi. Joriy yilda ularda jami 664 ming 609 nafar abituriyent ishtirok etadi.

 

Imtihonlar kuniga ikki smenada tashkil etiladi. Birinchi smena soat 08:00, ikkinchi smena esa 15:00 da boshlanadi.

 

Abituriyentlardan test sinovlari boshlanishidan kamida 1,5 soat oldin ruxsatnomada ko‘rsatilgan manzilga yetib kelishlari so‘raladi.

 

Test sinovlarida ishtirok etish uchun pasport (ID-karta) va abituriyent ruxsatnomasi bo‘lishi shart. Pasport nusxasi yoki boshqa hujjatlar bilan kelgan, shuningdek, belgilangan vaqtdan kechikkan abituriyentlar test sinovlariga kiritilmaydi.

 

Abituriyentlarga qulaylik yaratish maqsadida @ruxsatnoma_uzbmb_bot Telegram boti ishga tushirilgan. Ushbu bot orqali ruxsatnomani tez va qulay yuklab olish mumkin.

 

Test sinovlari to‘liq videokuzatuv ostida o‘tkaziladi hamda jarayonlarni test2026.uz sayti orqali onlayn translyatsiyada kuzatish mumkin.

 

Shuningdek, abituriyentlarga test sinovlarida foydalaniladigan javoblar varaqasi namunasi bilan ham oldindan tanishib chiqish tavsiya etiladi. Bu test jarayonida javoblarni to‘g‘ri belgilash va texnik xatolarning oldini olishga yordam beradi.

 

Avvalroq, test sinovlari vaqtida abituriyentlar qanday hollarda imtihondan chetlashtirilishi, shuningdek ularning huquq va majburiyatlari haqida ham xabar bergan edik.