Avstraliyada sunʼiy intellektning mehnat bozoriga taʼsiri boʻyicha ilk milliy hisobot eʼlon qilindi. Unda ayollar va universitet bitiruvchilari ishlaydigan kasblar AI sabab ish oʻrinlarini yoʻqotish xavfi yuqori boʻlgan yoʻnalishlar qatoridan oʻrin olgani taʼkidlangan.
Avstraliyada sunʼiy intellekt (AI) hozircha ommaviy ishsizlikni keltirib chiqarmagan boʻlsada, mamlakat hukumati ayrim kasblar AI taʼsirida ish oʻrinlarini yoʻqotish xavfi yuqori ekanidan ogohlantirdi. Bu haqda The guardian nashri xabar berdi.
Hukumatning yangi hisobotiga koʻra, AI taʼsirida ish oʻrinlarini yoʻqotish xavfi eng yuqori boʻlgan qatlamlar ayollar va universitet bitiruvchilari hisoblanadi. Aksincha, kasb-hunar taʼlimiga ega mutaxassislar bu xavfga kamroq duch kelmoqda.
Avstraliya hukumati tomonidan ilk bor tayyorlangan “Avstraliyada sunʼiy intellekt va bandlik” (AI and Employment in Australia) nomli milliy hisobotda sunʼiy intellekt ayrim kasblarga boshqalarga qaraganda koʻproq taʼsir qilishi qayd etilgan.
Hisobotga koʻra, telemarketing xodimlari, koll-markaz operatorlari, reklama va marketing mutaxassislari, buxgalterlar, resepsion xodimlar, dasturchilar, ofis xodimlari hamda chakana savdo menejerlari AI sabab ish oʻrinlarini yoʻqotish xavfi yuqori boʻlgan kasblar qatoriga kiradi. Ushbu yoʻnalishlarda ishlayotganlarning aksariyatini ayollar va universitet bitiruvchilari tashkil etadi.
Bunga qarama-qarshi ravishda, kasb-hunar taʼlimiga ega mutaxassislar, jumladan, hunarmandlar, qariyalarni parvarishlash xodimlari, yuk mashinasi va forklift haydovchilari, farroshlar hamda bogʻbonlar AI taʼsiriga eng kam uchraydigan kasblar sifatida baholangan. Hisobot mualliflari buni ushbu kasblarda jismoniy mehnat ulushi yuqori ekani va ularni avtomatlashtirish murakkabligi bilan izohlagan.
Hukumat: AI ish oʻrinlariga tahdid emas, imkoniyat yaratishi kerak
Avstraliya bandlik vaziri Amanda Rishvort sunʼiy intellekt kelajakda mehnat bozorini sezilarli darajada oʻzgartirishi mumkinligini taʼkidladi. Shu bilan birga, uning qayd etishicha, hozircha mamlakat mehnat bozori tarixiy mezonlarga koʻra barqarorligicha qolmoqda.
Vazirning soʻzlariga koʻra, hukumat sunʼiy intellektdan ish oʻrinlarini qisqartirish emas, balki yangi va sifatli ish oʻrinlarini yaratish vositasi sifatida foydalanishni maqsad qilgan. Shu bois fuqarolarni qayta tayyorlash, yangi koʻnikmalarni egallash va oʻzgaruvchan mehnat bozoriga moslashtirish boʻyicha ishlar davom ettiriladi.
Eng katta xavf — ofis sohasida
Hisobotda Anthropic kompaniyasi bosh direktori Dario Amodeining fikriga ham oʻrin berilgan. Uning taxminiga koʻra, sunʼiy intellekt yaqin bir yildan besh yilgacha boʻlgan davrda boshlangʻich darajadagi ofis ishlarining yarmigacha qisqarishiga sabab boʻlishi mumkin. Natijada ishsizlik darajasi 10–20 foizgacha oshishi ehtimoli mavjud.
Shu bilan birga, Avstraliya Bandlik va mehnat munosabatlari departamenti AQSHda ayrim kompaniyalar universitet bitiruvchilarini ishga qabul qilish oʻrniga AIʼdan foydalanayotganiga oid holatlar kuzatilayotgan boʻlsada, Avstraliyada bunday tendensiya hozircha aniqlanmaganini maʼlum qilgan.
AI taʼsiri yuqori kasblarda bandlik sekinroq oʻsmoqda
Hisobotda sunʼiy intellekt mehnat bozorida hali keng koʻlamli oʻzgarishlarni yuzaga keltirmagani qayd etilgan. Biroq AI taʼsiri yuqori deb baholangan kasblarda bandlik oʻsishi boshqa kasblarga nisbatan sekinroq kechayotgani aniqlangan.
Xususan, 2022-yil oxiridan 2026-yil boshigacha AI taʼsiri eng kam boʻlgan kasblarda bandlik 9,5 foizga oshgan boʻlsa, AI taʼsiri yuqori boʻlgan kasblarda bu koʻrsatkich 5,6 foizni tashkil etgan.
Hisobot mualliflari bu holat AI taʼsiri bilan bandlik oʻsishi oʻrtasida salbiy bogʻliqlik mavjudligini koʻrsatishini taʼkidlagan.
AI boʻyicha yangi siyosat eʼlon qilinadi
Kelasi hafta Avstraliya hukumati sunʼiy intellektni tartibga solishga oid yangilangan siyosatini taqdim etishi kutilmoqda. Unda mualliflik huquqi, shaxsiy maʼlumotlarni himoya qilish, sogʻliqni saqlash, sanoat, mehnat munosabatlari, xavfsizlik va ishonch masalalariga alohida eʼtibor qaratilishi rejalashtirilgan.
Bosh vazir Entoni Albanezening taʼkidlashicha, agar jurnalistlar yoki boshqa mualliflarning ishlari sunʼiy intellekt orqali tijorat maqsadida foydalanilayotgan boʻlsa, ular buning uchun munosib haq olishi kerak.
Shuningdek, hukumat sunʼiy intellekt kompaniyalari manfaatlari yoʻlida mualliflik huquqiga oid talablarni yumshatish rejalashtirilmayotganini ham maʼlum qilgan.
