Prezident Shavkat Mirziyoyev Taʼlim va ilm-fan vazirligi faoliyatini tashkil etish hamda taʼlim tizimining barcha bosqichlarida amalga oshirilishi lozim boʻlgan ustuvor vazifalar yuzasidan taqdimot bilan tanishdi.
Yangi tashkil etilgan Taʼlim va ilm-fan vazirligi oldiga taʼlimni zamon va mehnat bozori talablariga moslashtirish, raqobatni rivojlantirish, xususiy sektor ishtirokini kengaytirish hamda sohaning jamoatchilik oldidagi hisobdorligini oshirish vazifalari qoʻyildi.
Shuningdek, vazirlik faoliyatini joylardagi haqiqiy holatga tayanib tashkil etish, takrorlanuvchi vazifalarni qisqartirish va hududiy boʻgʻinlar masʼuliyatini kuchaytirish masalalari koʻrib chiqildi. Boshqaruvni raqamlashtirish va tahliliy salohiyatni oshirish qarorlarni ishonchli maʼlumotlar asosida qabul qilishga xizmat qilishi taʼkidlandi.
Maktabgacha taʼlimda bolani har tomonlama rivojlantirish, dastur va metodikalarni yangilash hamda tarbiyachilar malakasini oshirishga eʼtibor qaratildi. Shuningdek, bolalarning qiziqish va qobiliyatlarini erta aniqlash, taʼlim muassasalarida zamonaviy sharoitlar yaratish boʻyicha takliflar bildirildi.
Maktab taʼlimida darsliklarni yangilash, oʻquvchilarning bilim va amaliy koʻnikmalarini izchil rivojlantirish hamda ularni baholash tizimini takomillashtirish masalalari muhokama qilindi. Pedagoglarga metodik yordam koʻrsatishda sunʼiy intellektdan foydalanish, ayrim maktablarda ingliz tilida taʼlim berish tajribasini oʻtkazish va xususiy sektor ishtirokini kengaytirish taklif etildi.
Kasbiy taʼlim boʻyicha yoshlarning qiziqishlarini erta aniqlash, texnikumlar dasturlarini mehnat bozori talablariga moslashtirish va ularning moddiy bazasini mustahkamlashga alohida ahamiyat berildi. Korxonalar bilan hamkorlikda dual taʼlimni kengaytirish, xalqaro dasturlar va zamonaviy oʻquv materiallarini joriy etish masalalari koʻrib chiqildi.
Oliy taʼlimda universitetlar mustaqilligini kengaytirish, boshqaruv sifatini va rahbarlarning natija uchun masʼuliyatini oshirish taklif qilindi. Shu bilan birga, yetakchi xorijiy oliygohlar bilan hamkorlikni rivojlantirish, taʼlimni ishlab chiqarish bilan yaqinlashtirish va talabalarning amaliy tayyorgarligini kuchaytirish masalalari muhokama qilindi.
Ilm-fan sohasida ilmiy klasterlarni rivojlantirish, universitetlar, laboratoriyalar va korxonalar oʻrtasidagi hamkorlikni mustahkamlashga eʼtibor qaratildi. Ilmiy ishlanmalarni amaliyotga joriy etish hamda ular asosida yangi mahsulotlar va korxonalar yaratish boʻyicha takliflar taqdim etildi.
Prezident taʼlimning bogʻchadan oliygohgacha boʻlgan barcha bosqichlari yagona vertikal sifatida ishlashi, ayniqsa maktab va universitet oʻrtasidagi uzviylik mustahkamlanishi zarurligini taʼkidlagan.
Mutasaddilarga takliflarni puxta ishlab chiqish vazifasi topshirildi.
