Jizzax viloyati Zomin tumanida “O‘zbekiston asalarichilari” uyushmasi qoshida “Zomin innovatsion asalarichilik maktabi”ni tashkil etish rejalashtirilmoqda. Loyihaga ko‘ra, maktabda 2027-yildan asalarichilik bo‘yicha tadbirkorlik ko‘nikmalari, kasbga tayyorlash va malaka oshirish kurslari yo‘lga qo‘yiladi.
Qishloq xo‘jaligi vazirligi tomonidan Zomin tumanida asalarichilik sohasiga ixtisoslashgan “Zomin innovatsion asalarichilik maktabi”ni tashkil etish bo‘yicha qaror loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi.
Loyihada maktabni asalarichilik sohasi uchun zamonaviy bilim va amaliy ko‘nikmalarga ega o‘rta bo‘g‘in kadrlarini tayyorlash, yoshlarni kasb-hunarga o‘rgatish, ta’lim, ilm-fan va ishlab chiqarish integratsiyasini ta’minlash hamda eksportbop asalarichilik mahsulotlarini ishlab chiqarishni kengaytirish maqsadida tashkil etish taklif etilgan.
Maktab “O‘zbekiston asalarichilari” uyushmasi qoshida yuridik shaxs sifatida faoliyat yuritadigan innovatsion kasb-hunar ta’lim tashkiloti bo‘lishi ko‘zda tutilmoqda.
Loyihaga ko‘ra, 2027-yildan boshlab maktabda xalqaro tajribalar asosida asalarichilik sohasida tadbirkorlik ko‘nikmalari o‘rgatiladi. Shuningdek, buyurtmachilar mablag‘lari hisobidan asalarichilar uchun malaka oshirish kurslari tashkil etiladi.
Ta’lim jarayonida nazariy mashg‘ulotlar, laboratoriya ishlari, “ustoz-shogird” an’anasi va ishlab chiqarish amaliyoti uyg‘unlashtiriladi. O‘quv jarayonini boshqarish, jumladan, dars jadvali, o‘quvchilar baholari, pedagoglarning o‘quv yuklamasi va guruh jurnallarini yuritish to‘liq raqamlashtiriladi.
Maktab faoliyati uchun Zomin tumanidagi bo‘sh turgan 5 gektar qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer maydonini Toshkent davlat agrar universitetiga 30 yil muddatga ijara huquqi asosida ajratiladi. Ushbu hududda maktabning o‘quv-tajriba xo‘jaligi va asalarizori tashkil etiladi.
Qaror loyihasida maktabda qisqa muddatli kasbga tayyorlash, qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslarini tashkil etish ham belgilangan. Ta’lim dasturlarini davlat akkreditatsiyasidan o‘tkazish choralarini ko‘rish ham nazarda tutilmoqda.
