Namanganda 12 nafar bolani olib ketayotganda YTH sodir etgan Damas haydovchisiga hukm o‘qildi

Namanganda 12 nafar bolani olib ketayotganda YTH sodir etgan Damas haydovchisiga hukm o‘qildi

Uchqo‘rg‘on tumanida bog‘chaga 12 nafar bolani olib ketayotgan Damas Gentra bilan to‘qnashib, ag‘darilib ketgan. YTH oqibatida bir bola vafot etgan, sud haydovchini 2 yilga ozodlikdan mahrum qilgan.

 

Voqea 2026-yil 26-mart kuni soat 7:30 larda Namangan viloyati Uchqo‘rg‘on tumani hududida sodir bo‘lgan.

 

“Daryo” tanishgan sud hujjatiga ko‘ra, A.B. 2025-yil 1-martdan boshlab o‘ziga tegishli Damas avtomashinasida mahalladagi bolalarni boshqa hududdagi bog‘chaga olib borib, kechqurun uylariga qaytarib olib kelgan. Hodisa kuni ham u bir nechta xonadondan bolalarni yig‘ib, bog‘chaga olib ketayotgan bo‘lgan.

 

Haydovchining suddagi ko‘rsatmasiga ko‘ra, u asosiy yo‘ldan bog‘cha joylashgan mahallaga kirish uchun chapga burilmoqchi bo‘lgan. Qarama-qarshi tomondan Gentra kelayotganini ko‘rib, to‘xtagan, biroq Gentra Damas bilan to‘qnashgan. Shundan so‘ng Damas ag‘darilib ketgan.

 

YTH oqibatida haydovchi va 12 nafar bola shifoxonaga olib borilgan. Bolalarning barchasi turli darajadagi tan jarohatlarini olgan. Ulardan 2019-yilda tug‘ilgan qizaloq ko‘rsatilgan tibbiy yordamga qaramay vafot etgan.

 

Sud-tibbiy ekspertiza xulosasida qizaloq og‘ir qo‘shma jarohatlar oqibatida vafot etgani qayd etilgan. Qolgan bolalarning ayrimlariga hayot uchun xavfli og‘ir, ayrimlariga o‘rtacha va yengil darajadagi tan jarohatlari yetgani aniqlangan.

 

Sud majlisida bolalarning ota-onalari farzandlarining sog‘lig‘i yaxshilangani va haydovchiga nisbatan da’vosi yo‘qligini bildirgan. Ular suddan haydovchiga nisbatan yengillik berishni so‘ragan.

 

Sud hukmi bilan A.B. Jinoyat kodeksining 266-moddasi 2-qismida nazarda tutilgan transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish jinoyatini sodir etganlikda aybli deb topilgan.

 

Unga 2 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. Shuningdek, A.B. 2 yil muddatga transport vositalarini boshqarish huquqidan mahrum qilingan.

 

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning may oyida 13 nafar bolani Matizda bog‘chaga olib ketayotgan ayol YTH ga uchragan edi. Oqibatda haydovchi vafot etdi, bolalardan biri koma holatiga tushgan edi.