Talabalar nega yotoqxonadan chiqarib yuborildi? Vazirlik holatga munosabat bildirdi

Talabalar nega yotoqxonadan chiqarib yuborildi? Vazirlik holatga munosabat bildirdi

Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent davlat texnika universitetining yuzlab talabalari kechasi yotoqxonadan chiqarib yuborilgani haqidagi xabarlar tarqaldi. Mazkur holat yuzasidan Oliy ta’lim fan va innovatsiyalar vazirligi munosabat bildirdi. Unga ko‘ra, talabalar joylashtirilgan bino hali rasman foydalanishga topshirilmagan va undan foydalanish uchun zarur ruxsatlar olinmagan.

 

Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent davlat texnika universiteti talabalari yotoqxonadan chiqarib yuborilgani haqida xabarlar tarqaldi.

 

Unda 6-oktyabr kuni kechqurun universitetning davlat-xususiy sheriklik asosida qurilgan yotoqxonasidan 300 nafarga yaqin talaba chiqarib yuborilgani haqida yozilgan.

 

Mazkur holat yuzasidan Oliy ta’lim fan va innovatsiyalar vazirligi rasmiy munosabat bildirdi.

 

Ma’lum qilinishicha, Toshkent shahri Talabalar shaharchasida universitet tomonidan davlat-xususiy sheriklik asosida qurilgan talabalar turar joyi hali rasman foydalanishga topshirilmagan. Obyektning kadastr hujjatlari rasmiylashtirilmagan va undan foydalanish uchun zarur ruxsatlar olinmagan.

 

Amaldagi tartibga ko‘ra, talabalar turar joyiga joylashish uchun talaba Davlat xizmatlari markazi yoki my.gov.uz orqali ariza topshirib, belgilangan tartibda yo‘llanma olishi kerak.

 

Biroq vazirlikning qayd etishicha, mazkur obyektga ayrim talabalar tadbirkor tomonidan belgilangan tartibga rioya qilinmagan holda, tegishli yo‘llanmasiz joylashtirilgan. Shuningdek, boshqa oliy ta’lim tashkilotlarining talabalari ham ushbu yotoqxonaga joylashtirilgani aniqlangan.

 

‘‘Mazkur holat aniqlangach, talabalarning xavfsizligi va ular uchun zarur sharoitlarni taʼminlash maqsadida barcha talabalar obyektdan chiqarilib, Toshkent davlat texnika universitetining mavjud boʻsh talabalar turar joylariga vaqtincha joylashtirildi. Boshqa oliy taʼlim tashkilotlari talabalari esa tegishli masʼullar orqali oʻz taʼlim tashkilotlariga qaytarildi.

 

Xorijiy talabalarni ham tegishli ruxsat hujjatlarisiz, foydalanishga rasman topshirilmagan obyektda joylashtirishga yoʻl qoʻyilmaydi. Shu bois ular ham xavfsizlik choralari doirasida mazkur obyektdan chiqarildi.

 

Ayni paytda talabalar turar joyining kadastr hujjatlarini rasmiylashtirish va undan foydalanish uchun zarur ruxsatlarni olish boʻyicha ishlar davom etmoqda. Shuningdek, obyektda issiq suv va isitish tizimlari hali toʻliq ishga tushirilmagan.

 

Shuni alohida taʼkidlash lozimki, mazkur obyektning rasmiy ochilish marosimi ham hali oʻtkazilmagan. Qurilish ishlari belgilangan muddatda toʻliq yakunlanmagani sababli avgust oyida hududlarda oʻtkazilgan ochilish tadbirlari doirasida ushbu obyektdan foydalanish boshlanmagan.

 

Barcha zarur hujjatlar rasmiylashtirilib, tegishli ruxsatlar olingach, obyekt belgilangan tartibda foydalanishga topshiriladi va talabalarni joylashtirish amaldagi tartib asosida amalga oshiriladi’’, — deyiladi munosabatda.

 

Vazirlikning ma’lum qilishicha, obyektga avval joylashtirilgan talabalardan undirilgan to‘lovlar tadbirkor tomonidan 100 foiz miqdorida qaytarib berilgan.

 

Vazirlik talabalar yotoqxonaga belgilangan tartibga rioya qilinmagan holda joylashtirilganidan universitet ham, vazirlik ham oldindan xabardor bo‘lmaganini bildirgan. Holat aniqlanganidan so‘ng talabalar xavfsizligi va qonuniy manfaatlarini ta’minlash uchun tegishli choralar ko‘rilgan.