Uch urinishdan so‘ng A+: Angrenda abituriyent qiz 5 ta sertifikat bilan muddatidan oldin talabalikni naqd qildi

Uch urinishdan so‘ng A+: Angrenda abituriyent qiz 5 ta sertifikat bilan muddatidan oldin talabalikni naqd qildi

Katta yutuqlar ortida oylar, yillar davom etgan mehnat, qat’iy intizom va harakat yotadi. Angren shahridagi 20-maktabning 11-sinf bitiruvchisi Fatullayeva Parizoda Ibodullayevna ham ana shunday yoshlar safidan joy olib, muddatidan oldin talaba bo‘ldi.

 

Parizoda Fatullayeva biologiya fanidan A+, kimyo fanidan A, o‘zbek tili va adabiyot fanidan A, matematika hamda tarix fanlaridan B darajali milliy sertifikatlarni qo‘lga kiritdi. Ushbu natijalar unga Toshkent davlat tibbiyot universitetiga muddatidan avval talaba bo‘lish imkoniyatini yaratdi.

 

Uning aytishicha, milliy sertifikat olish g‘oyasi unda 10-sinfda paydo bo‘lgan.

 

O‘sha paytdan boshlab oldimga aniq maqsad qo‘ydim va yaxshi natijaga erishish uchun tinimsiz harakat qildim, — deydi u.

 

Shundan so‘ng har bir fan bo‘yicha alohida reja tuzilib, muntazam tayyorgarlik boshlangan. Talimxabarlari.uz sayti muxbiri mazkur o‘quvchi bilan sertifikatga tayyorgarlik jarayoni va rejalari haqida suhbatlashdi.

 

Har bir fan ortida alohida mehnat bor

 

Parizoda biologiya va kimyo fanlariga 3 yil davomida tayyorlangan. Tarix hamda o‘zbek tili va adabiyot fanlari uchun 4 oy vaqt ajratgan. Matematika faniga esa bir oydan kamroq muddat tayyorlanishga to‘g‘ri kelgan.

 

Tayyorgarlik davomida har bir fan bo‘yicha repetitorlar bilan shug‘ullangan. Asosan maktab darsliklari, qo‘llanmalar hamda test to‘plamlaridan foydalangan.

 

Darsliklardagi har bir mavzuni puxta o‘rganishga harakat qilardim. O‘rtacha darajadagi testlardan ko‘ra murakkabroq savollarni ko‘proq ishlashga e’tibor berdim. Chunki aynan shunday testlar fikrlash doirasini kengaytiradi va haqiqiy imtihonda savollar qiyinchilik tug‘dirmaydi, — deydi u.

 

Imtihondagi savollarni qiyinlik darajasi esa o‘rtacha bo‘lgan.

 

Savollarni oson deb aytish xato bo‘ladi. Men shunchaki yetarlicha tayyorlanganim uchun ular menga o‘rtacha darajada tuyuldi.

 

Tonggi soat 4 — eng unumdor vaqt

 

Bir vaqtning o‘zida maktabdagi darslar va bir nechta fandan sertifikatga tayyorlanish oson kechmagan.

 

Ammo u vaqtni to‘g‘ri taqsimlash orqali ikkalasiga ham ulgura olgan.

 

Har bir ishimni aniq reja asosida bajarganim sababli maktab va tayyorgarlikni birgalikda olib bora oldim. Maktabdagi ustozlarimdan ham o‘zimga kerakli bilimlarni olishga harakat qilardim.

 

Parizoda muvaffaqiyatining muhim omillaridan biri sifatida qat’iy kun tartibini ko‘rsatadi.

 

U kuniga 6 soat uxlashni odat qilgan va har kuni ertalab soat 4:00 da uyg‘onib dars qilgan.

 

Tongda chalg‘ituvchi omillar juda kam bo‘ladi. Eng muhimi, bu vaqtda miya faoliyati ancha samarali ishlaydi. Shu sababli qisqa vaqt o‘qisam ham, juda unumli natija berardi, — deydi u.

 

A+ sertifikati uchinchi urinishda qo‘lga kiritildi

 

Parizodaning muvaffaqiyati ortida faqat yutuqlar emas, balki sinovlar ham bo‘lgan.

 

Sertifikatlar sohibasining ta’kidlashicha, u biologiya fanidan A+ darajali sertifikatni birinchi urinishdayoq qo‘lga kirita olmagan.

 

Biologiyadan A+ darajaga 3 ta urinishda erishganman. Ikki marta B+ natija oldim. Hatto bir payt taslim bo‘lishni ham o‘ylaganman. Ammo ustozlarim va ota-onamning qo‘llab-quvvatlashi yana harakat qilishimga sabab bo‘ldi. Uchinchi urinishda esa A+ natijaga erishdim. Ilm yo‘lida albatta sabr kerak. Ba’zan kutgan natija kechikadi. Ana shunday paytda taslim bo‘lmaslik eng muhim masala, — ta’kidlaydi bitiruvchi.

 

Sifat — miqdordan muhim

 

Kuniga 100 ta testni shunchaki ishlab chiqishdan ko‘ra, 30 ta testni chuqur tahlil qilib ishlash foydaliroq. Har bir xatoni topish va uni takrorlamaslikka harakat qilish kerak.

 

Bitiruvchining fikricha, telefonning foydasi yoki zarari undan qanday maqsadda foydalanishga bog‘liq.

 

Tayyorgarlik davrida ijtimoiy tarmoqlarga umuman kirmadim. Telefonimdan faqat testlar va kitoblarning elektron variantlarini o‘qish uchun foydalandim, — deydi u.

 

Kelajakdagi maqsad — IELTS

 

Bugun Parizoda Toshkent davlat tibbiyot universiteti talabasi bo‘lish orzusiga erishdi. Ammo u buning bilan to‘xtab qolmoqchi emas.

 

Hozirda ingliz tilini o‘rganmoqda va yaqin kelajakda IELTS xalqaro sertifikatidan yuqori natija olishni maqsad qilgan.

 

Milliy sertifikat olishni istayotgan tengdoshlariga esa quyidagi maslahatni beradi:

 

Chalg‘ituvchi omillardan imkon qadar uzoqroq bo‘ling va butun diqqatingizni o‘qishga qarating. Inson miyasi bir vaqtning o‘zida ko‘p narsaga e’tibor bera olmaydi. Eng muhimi, ilm doimo sabr talab qiladi.

 

Shuningdek, u maktab ta’limi tizimi haqida ham o‘z fikrini bildirib, yuqori sinf o‘quvchilariga bir vaqtning o‘zida juda ko‘p fan emas, balki kelajak kasbi uchun eng zarur bo‘lgan 5–7 ta fanni chuqurroq o‘qitish maqsadga muvofiq, deb hisoblaydi.

 

Parizodani o‘qishlariga muvaffaqiyat tilab qolamiz!

 

Avvalroq, Farg‘onada 10-sinf o‘quvchisi 5 ta milliy sertifikat bilan muddatidan oldin maksimal ball to‘plagani haqida xabar bergan edik. Intervyuni o‘qish