“Quruq yodlash emas, tushunib o‘rganish kerak” : 10-sinf o‘quvchisi 5 ta milliy sertifikat bilan muddatidan oldin maksimal ball to‘pladi

“Quruq yodlash emas, tushunib o‘rganish kerak” : 10-sinf o‘quvchisi 5 ta milliy sertifikat bilan muddatidan oldin maksimal ball to‘pladi

Farg‘ona viloyati Rishton tumanidagi maktablardan birida 10-sinf bitiruvchisi Hoshimjonov Azizbek O‘ktamjon o‘g‘li 5 ta fandan milliy sertifikatlarni qo‘lga kiritdi. Kelajakdagi orzusi — Toshkent davlat tibbiyot universitetining “Davolash ishi” yo‘nalishida tahsil olish.

 

Azizbek hali 11-sinfda o‘qimay turib 5 ta fandan sertifikatlar to‘plab, muddatidan oldin bilan talabalikni naqd qildi. Talimxabarlari.uz sayti muxbiri mazkur o‘quvchi bilan sertifikatga tayyorgarlik jarayoni va rejalari haqida suhbatlashdi.

 

Xususan, u kimyo fanidan A, biologiya va tarix fanlaridan A+, matematikadan C+, o‘zbek tili va adabiyot fanidan B darajali milliy sertifikatlar olgan.

 

O‘quvchining aytishicha, tibbiyot sohasida o‘qish orzusi 9-sinfdayoq shakllangan. Ana shu maqsad uni turli fanlardan milliy sertifikat olishga undagan.

 

Har bir fan uchun tayyorgarlik muddati turlicha bo‘lgan. Ayrim sertifikatlarga ikki oy ichida tayyorlangan bo‘lsa, ayrim fanlar ustida deyarli bir yil ishlagan. Bu yo‘lda maktab darsliklari, repetitorlar va muntazam mashg‘ulotlar unga eng katta yordamchi bo‘lgan.

 

Uning fikricha, yaxshi natijaning siri — kitob mutolaasi, ko‘p masala ishlash va kerakli ma’lumotlarni mazmunini tushungan holda o‘zlashtirish.

 

Ma’lumotlarni quruq yod olmaslik kerak. Mavzuni tushunib o‘rganish natijani beradi, — deydi u.

 

“Kutganimdan ham yuqori natija oldim”

 

Azizbek xususiy maktabda tahsil olgani sababli repetitorlari aynan o‘z ustozlari bo‘lgan. Bu esa unga maktab va qo‘shimcha darslarni uyg‘unlashtirishda katta qulaylik yaratgan.

 

Tayyorgarlik davomida vaqt taqsimoti bilan bog‘liq muammolarga deyarli duch kelmagan, uyqu rejimi ham buzilmagan. Eng muhimi, u o‘z bilimiga ishonib harakat qilgan.

 

Natijalar e’lon qilingan kuni esa u kutganidan ham yuqori ballarni qo‘lga kiritgan.

 

“Imtihonda hayajon emas, o‘ziga ishonch muhim”

 

Yosh sertifikat egasi yuqori natija ko‘rsatish uchun eng avvalo xotirjamlikni saqlash kerakligini ta’kidlaydi.

 

Imtihon paytida hayajonlanmaslik va o‘ziga ishonish eng muhim omil.

 

Tengdoshlariga esa ko‘proq repetitsion testlar ishlashni tavsiya qiladi. Uning ta’kidlashicha, aynan ko‘p mashq qilish haqiqiy imtihon oldidan ishonchni oshiradi va xatolarni kamaytiradi.

 

Hozirda u ingliz tilini chuqurroq o‘rganishni davom ettirmoqda. Kelajakda esa Toshkent davlat tibbiyot universitetida tahsil olib, malakali shifokor bo‘lishni maqsad qilgan.

 

Azizbekni o‘qishlariga muvaffaqiyat tilab qolamiz!

 

Avvalroq, muddatidan oldin talaba bo‘lgan jizzaxlik abituriyent qiz bilan suhbatlashgan edik.