Qashqadaryo viloyati Yakkabog‘ tumani ixtisoslashtirilgan maktabining 10-sinf bitiruvchisi Muxammadiyeva Gularo bir nechta fanlardan sertifikatlar olib, muddatidan oldin talaba bo‘lish imkoniyatini qo‘lga kiritdi. U ingliz tilidan CEFR B2, o‘zbek tili va adabiyotidan A+, matematikadan B hamda tarix fanidan B darajali milliy sertifikatlarni qo‘lga kiritishga muvaffaq bo‘ldi.
Bugungi kunda Gularo O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetining “Xorijiy til va adabiyoti” yo‘nalishida grant asosida tahsil olishni maqsad qilgan.
Talimxabarlari.uz sayti muxbiri mazkur o‘quvchi bilan sertifikatga tayyorgarlik jarayoni va rejalari haqida suhbatlashdi.
Tilga bo‘lgan qiziqish boshlang‘ich sinflardayoq boshlangan
Gularoning aytishicha, xorijiy tillarga bo‘lgan qiziqishi hali boshlang‘ich sinflarda shakllangan. Aynan shu qiziqish kelajakdagi kasbini tanlashiga ham sabab bo‘lgan.
Milliy sertifikat olish g‘oyasi unda 7-sinfda paydo bo‘lib, bunga uning ixtisoslashtirilgan maktabga qabul qilingani katta turtki bergan.
Birinchi sertifikat imtihonini esa 9-sinfda topshirgan.
Maktabdagi muhit, ustozlarimning qo‘llab-quvvatlashi va yuqori talablar meni o‘zim ustimda yanada ko‘proq ishlashga undadi, — deydi u.
Har bir fan uchun alohida tayyorgarlik
Ixtisoslashtirilgan maktab matematika, fizika va ingliz tiliga ixtisoslashgani sababli bu fanlar chuqur o‘qitiladi.
Matematika va ingliz tili sertifikatlari uchun u ikki oy davomida tayyorlangan. Ona tili va adabiyot faniga esa tayyorgarlikni 7-sinfdanoq boshlagan.
Bizning maktab matematika, fizika va ingliz tiliga ixtisoslashgan boʻlganligi uchun biz bu fanlarni chuqur oʻrganamiz. Matematika va ingliz tili sertifikatim uchun 2 oy qoʻshimcha tayyorlangan edim. Ona tili sertifikatim uchun esa tayyorgarlikni 7-sinfda boshlaganman. Chunki u paytda ustozim tufayli ona tiliga mehrim tushib qolgan edi va hatto olimpiadalar uchun chuqur tayyorlanar edik. Tarix sertifikatim uchun ustozimiz bilan birgalikda 2 oy kuchli tayyorlandik.
Muvaffaqiyat ortida ustozlar va tinimsiz mehnat
O‘quvchining ta’kidlashicha, muvaffaqiyatning asosiy omillaridan biri ustozlarining fidoyiligi bo‘lgan.
Tayyorgarlik davomida ko‘plab test to‘plamlari yechilgan, internet manbalari o‘rganilgan va har bir xato alohida tahlil qilingan.
Davomiylik juda muhim. Oldingi yillardagi testlarni tahlil qilish kerak. Xato qilish tabiiy, ammo xatodan xulosa chiqarib, uni to‘g‘rilay olgan insongina yuqori natijaga erishadi. Bilimning chegarasi yoʻq. Savollarga kelsak, ustozlar oʻrgatgan bilimlar va tun-u kun qilingan duolar bizga yordam bera oladi. Qiyin savollar ham uchraydi chunki hayot faqat tekis yoʻldan iborat emas. Ammo bu payt taslim boʻlmaslik kerak, — deydi u.
Eng katta yordam — oila va ustozlar
Yuqori natijalarga erishishda vaqtni to‘g‘ri taqsimlash muhim rol o‘ynagan.
Fan o‘qituvchilari nazorat ishlari va dars jarayonlarida imkon qadar yordam bergan bo‘lsa, ota-onasi unga faqat o‘qishga e’tibor qaratishi uchun barcha sharoitni yaratgan.
Uy yumushlariga deyarli jalb qilinmasdim. Kechalari dars qilardim. Uyqusiz tunlar va charchoq yaqinlarimning motivatsiyasi tufayli bilinmas edi. Bilim oʻrganish uchun juda koʻp vaqt kerak.Uyqu rejimi buzilishi odatiy holga aylanib qolgan edi. Kech uxlab, erta turish yoki tonggacha dars qilib uxlamasdan yurgan kechalarim ham koʻp boʻlgan.
Shuningdek, tayyorgarlik davrida ruhiy bosim ham bo‘lgan.
Ba’zan juda asabiy bo‘lib ketardim. Ammo oilamning “Biz senga ishonamiz” degan birgina gapi menga kuch bag‘ishlardi. Men doimo grant asosida o‘qishga kirishga o‘zimga va’da berganman. Shu va’da meni oldinga undab kelgan, — ta’kidlaydi Gularo.
“Avvalo, yaxshi inson bo‘lish kerak”
Gularoning fikricha, yuqori natijaga erishish faqat bilim bilan emas, insoniy fazilatlar bilan ham bog‘liq.
Hech kimni ranjitmaslik, ota-ona va ustozlarning duosini olish juda muhim. Bilmagan narsalarimiz juda ko‘p. Shuningdek, doimo o‘rganishdan va sinab ko‘rishdan qo‘rqmaslik kerak. Chunki inson koʻp narsani atrofdan oʻrganadi. Men har doim oʻzimni aldaganman…1 oygina qiynal yoki imtihongacha yozishmalar, vaqtni besamar ketkazuvchi faoliyatlarni toʻxtatib tur, keyin albatta bular bilan xohlagancha shugʻullanasan deb. Va bu usul miyani keraksiz maʼlumotlar va faoliyatlardan uzoqlashishga yordam bera oladi. Telefon judayam kerak faqat oʻz ustimizda ishlash uchun. Men har qanday chalgʻituvchi ilova va hattoki doʻstlarimni bir muddat “oʻchirib” turganman.
Bugungi kunda Gularo IELTS imtihoniga tayyorlanmoqda.
Bundan tashqari, u bilimga chanqoq yoshlar bilan ishlash, ularga o‘z bilimlarini ulashish, volontyorlik faoliyatida qatnashish va shaxsiy portfoliysini boyitishga ham vaqt ajratmoqda.
Men nafaqat O‘zbekistonda, balki xorijda ham bilim va tajriba orttirib, keyinchalik shu bilimlarim bilan yurtimiz rivojiga hissa qo‘shishni maqsad qilganman.
Gularoning fikricha, maktablarda milliy sertifikat olishga qiziqishni oshirish uchun avvalo o‘quvchilarda fanlarga mehr uyg‘otish zarur.
Har bir fanni sevishni o‘rgatish, chuqur o‘rganishga undash va qo‘shimcha mashg‘ulotlarni ko‘paytirish kerak. Shunda natija ham bo‘ladi, – deydi suhbat yakunida.
Gularoni o‘qishlariga muvaffaqiyat tilab qolamiz!
Avvalroq, qashqadaryolik oʻquvchi maksimal 189 ballga ega boʻlgani haqida xabar bergan edik.
