Xorazm viloyatida havo haroratining 44–45 darajagacha ko‘tarilishi kutilayotgani sababli barcha davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari faoliyati 14-iyuldan 17-iyulga qadar vaqtincha to‘xtatiladi.
Xorazm viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi ma’lum qilishicha, shu haftada viloyatda havo harorati 44–45°C gacha ko‘tarilishi kutilmoqda.
Shu munosabat bilan, Xorazm viloyati Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi boshqarmasi tavsiyasiga asosan, maktabgacha yoshdagi bolalarning hayoti va salomatligini muhofaza qilish maqsadida 2026-yil 14-iyuldan 17-iyulga qadar viloyatdagi barcha davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari faoliyati vaqtincha to‘xtatiladi.
Ma’lum qilinishicha, davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari faoliyati 20-iyuldan odatdagi tartibda qayta yo‘lga qo‘yiladi.
Ota-onalardan mazkur vaqtinchalik cheklovni bolalar salomatligini asrashga qaratilgan profilaktik chora sifatida qabul qilish hamda bu davrda farzandlarining salomatligiga alohida e’tibor qaratish so‘ralgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq ob-havoning keskin ko‘tarilishi tufayli Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari faoliyati ham vaqtincha to‘xtatilgan edi.
